30 avgust kuni ommaviy axborot vositalarida Farg‘ona viloyatining qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegaradosh barcha nazorat-tekshiruvlari postlari ochilgani haqida xabarlar tarqaldi. Jumladan, uzoq kutilgan Rishton-So‘x posti ham shu kuni ochildi.

Ikki davlat rasmiylari, xalq vakillari chegara posti, Rishton va So‘x tumanini bog‘lab turuvchi Qirg‘iziston orqali o‘tgan yo‘lning tantanali ochilish marosimiga yig‘ilib keng nishonlashdi.  

So‘xliklar uchun bu yangilik qay darajada ahamiyatli ekanligini so‘z bilan ifodalash qiyin. Chunki,  So‘x tumani hududida yuz foiz Qirg‘iziston yeri bilan o‘ralgan anklav hisoblanadi.

Chegara postlarning tantanali ochilishi

O‘sha kuni Quvasoy, Vodil, Beshariq va Rishton chegara postlariga xalqaro post maqomi berilgani e'lon qilingandi. Ayniqsa, bu yangilikdan Rishton va So‘x aholisi juda xursand bo‘lgani bejiz emas. Chunki, 10 yil davomida 250 km yo‘l bosib So‘xga borishiga to‘g‘ri kelar edi.

Ushbu yo‘l ochilishi bilan esa 250 km o‘rniga 30 km yo‘l yurish kifoya qilar va bu savdo-sotiq uchun qulaylik yaratadi. So‘xliklar uchun ham bu voqea katta bayram darajasidagi yangilik bo‘ldi.

Ikki chegara postida O‘zbekiston va Qirg‘iziston bayroqlari hilpiradi. Rasmiy ochilish marosimini nishonlash uchun chegara postiga Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Qirg‘izistonning Botken viloyati hokimi Akram Madumarov viloyat faollari bilan yetib kelishdi. Har ikki mutasaddi tantanali marosimda so‘z olib, ikki xalq vakillariga o‘z tabriklarini aytishdi.

Marosim davomida qo‘shni yurt vakillari, nuroniylar postlarning ochilishi ahamiyatli hodisa ekani haqida so‘zlashdi.

Bir so‘z bilan aytganda, hammasi risoladigidek boshlanib, anklav aholisi Rishton-So‘x posti ochilganidan benihoyat xursand bo‘ldi.

Rishton–So‘x posti tantanali ochilgan bo‘lsada ishlamayapti

So‘x va Qirg‘izistonni bog‘lab turuvchi Tul postida so‘xliklar o‘sha kuni sayil darajasida bayram shodiyonalari tashkil qilishdi. Tulga 5 mingga yaqin kishi kelib, So‘x tumani hokimi Farrux O‘sarov hamda Qirg‘iziston tomonidan Oq turpoq ayili boshchisi Alchinbay To‘raliyev barchani tabriklagach, ochilish marosimi o‘yin-kulgi, qutlash so‘zlari bilan uzoq vaqt davom etgan.