O‘zbekiston | 10:53 / 10.09.2019
2653
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya TIV rahbari O‘zbekistonga tashrif bilan keladi

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2019 yil 9 sentabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning Norvegiya TIVning maxsus elchisi Knut Vollebek bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining joriy yil iyun oyida Norvegiyaga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama etildi. Parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta'kidlandi.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston va Norvegiya o‘rtasidagi munosabatlar ancha faollashgani va bu mamlakatimiz tashqi siyosatining ochiqligi hamda uning hamkorlar bilan amaliy va o‘zaro foydali sheriklikni kengaytirishga tayyorligidan darak berishi qayd etildi.

Norvegiya tomoni O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholadi. Norvegiya O‘zbekiston bilan har tomonlama munosabatlarni faollashtirishdan manfaatdorligi va yaqin orada yuksak darajadagi delegatsiyani respublikaga yuborish rejalashtirayotgani ta'kidlandi. Xususan, Norvegiya TIV rahbari Ine Soreydening O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish bo‘yicha ishlar borasida so‘z yuritildi.

Shuningdek, uchrashuvda Orolbo‘yi bo‘yicha ko‘p sheriklik asosidagi trast fondi doirasida hamkorlik qilish va uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni donor davlatlar va xayriya tashkilotlari orasida birgalikda targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlik masalalari ham muhokama etildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid