Bugun, Toshkent vaqti bilan soat 21:00da Iordaniyada O‘zbekiston milliy jamoasi Iroqqa qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. JCh-2022 saralashini Falastinga qarshi kutilmagan mag‘lubiyat bilan boshlagan Kuper jamoasi uchun bu shunchaki o‘rtoqlik o‘yini emas. Kuperda bu o‘yin orqali Ramallohdagi mag‘lubiyat tasodifligini isbotlash imkoni bor. Chunki Iroq Falastinga qaraganda kuchliroq raqib va bu o‘yindagi g‘alaba muxlislarni biroz tinchlantirishi mumkin.
Kuper yoshlarni o‘ynatadimi?
Bugungi o‘yinda Kuper o‘tgan o‘yinda boshlang‘ich tarkibda bo‘lgan 4 futbolchini zaxirada qoldirdi. Har bir chiziqda bittadan. Bu juda to‘g‘ri ish bo‘ladi. Asosiy futbolchilarsiz o‘tgan o‘yinda murabbiyning haqiqiy kuchi ko‘rinadi. Bejiz murabbiy haqida ko‘p gapirmayapmiz, chunki Falastinga qarshi o‘yindagi sharmandali mag‘lubiyatdan so‘ng Kuperning iste'fosini ko‘pchilik xohlamoqda.
Juda qimmatga tushadigan (aynan moliyaviy jihatdan qimmat, ya'ni Kuperni ketkazish uchun «otni kallasidek» kompensatsiya to‘lash kerak) bu iste'foni tasdiqlash uchun yetti o‘lchab bir kesish kerak. Yo‘q, Kuperning ketishidan juda ko‘p narsa yutqazamiz demoqchi emasman, gap o‘sha katta miqdordagi kompensatsiyada. Bu mablag‘ kancha ekanini bilmaymiz, chunki murabbiynin shartnomasiga ko‘ra uni oshkor qilish mumkin emas, ammo bu mablag‘ kamida O‘FAning bir yillik xarajatlariga teng ekanini taxmin qilish mumkin. O‘FA hozirgi kunda 4-5 million dollarni kompensatsiyaga berib yuboradigan darajadagi boy tashkilot emas.
Aynan mablag‘ jihatdan Kuperni ketkazish biz uchun qiyin ish. Yana kim biladi deysiz, kimdir chiqib «Men pulini beraman, ketkazaveringlar», deyishi ham mumkin. Xuddi Rossiya futbol ittifoqi Kapelloning iste'fosi uchun pulni qayerdan olamiz deb yurganida bir saxiy odam kompensatsiyani to‘lab bergani kabi. Iroq bilan o‘yin milliy terma jamoaning bugungi kundagi holati qandayligini ko‘rsatib berishi mumkin.
Futbolchilar mukofot puli olmayaptimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Falastinga qarshi o‘yindagi sharmandali mag‘lubiyat keng muhokama qilindi. Turgan gapki, bir necha barobar kuchsiz deb qaraladigan raqibdan uchralgan mag‘lubiyat muxlislarni darg‘azab qilgan. Har kim mag‘lubiyat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Jumladan, futbolchilar mukofot pullari olmagani bois o‘ynamagan degan variantlar ham bo‘ldi. Biz milliy jamoaning ichidagi muhit qandayligini bilmaymiz. Ularga milliy jamoadagi o‘yin uchun pul beriladimi yo‘qmi, bunisi noma'lum. Ammo chindan futbolchilar mukofot puli sabab bor kuchlari bilan o‘ynamagan bo‘lishsa, bu juda xunuk holat.

















