Kasaba uyushmalari mamlakatdagi eng ommaviy va a'zolari soni ko‘p bo‘lgan jamoat tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda 14 ta sohaviy kasaba uyushmalari 32,4 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlarga ega bo‘lib, o‘z safida 5,1 milliondan ortiq ishchi va mehnatkashlarni birlashtirgan.
Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi huzuridagi kotibiyat katta referenti Behzod Sultonovning yozishicha, mehnat, mehnatni muhofaza qilish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi qonun hujjatlari hamda munosabatlarning takomillashuvi – kasaba uyushmalari bilan bog‘liq qonun hujjatlarini takomillashtirish zaruriyatini tug‘dirgan.
«Kasaba uyushmalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan kasaba uyushmalarini tashkil etish va ularning faoliyati, fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasini ishlab chiqishda uchta asosiy manbaga, ya'ni milliy qonunchilik va amaliyotga, xorijiy davlatlar tajribasiga hamda sohaga doir xalqaro huquqiy hujjatlarga tayanilgan.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda kasaba uyushmalari faoliyatini tartibga solish sohasidagi qonunchilik o‘rganilib, sohada qator muammolar mavjudligi aniqlandi. Misol tariqasida - amaldagi qonun kasaba uyushmalarining huquq va manfaatlarini yetarli darajada himoya qilmasligi, ular faoliyatining kafolatlari ta'minlamaganligi, kasaba uyushmasi tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlarining (shakllari, usullari, vositalarining) normativ-huquqiy hujjatlarda belgilanmaganligi. O‘rganishlar natijasida aniqlangan muammolar hisobga olinib, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Qonun loyihasi 10 ta bob, 69 ta moddadan iborat bo‘lib, ayrim yangiliklar bilan amaldagi qonundan farq qiladi. Xususan, yangi qonun loyihasida ilk marotaba «kasaba uyushmasi», «kasaba uyushmasining boshlang‘ich tashkiloti», «kasaba uyushmasining tuzilmasi», «kasaba uyushmalarining birlashmasi» va boshqa shu kabi asosiy tushunchalarga alohida moddada ta'rif berildi.
Shuningdek, «qonuniylik», «kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik», «ixtiyoriylik», «mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish», «tenglik» va «ochiqlik» kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida alohida moddalarda bayon etildi.

















