O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.
Farmon bilan Vazirlar Mahkamasining iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi, quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:
iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amaliy ijrosini ta'minlash;
iste'molchilarning tovarlar (ishlar, xizmatlar), ularning ishlab chiqaruvchisi, ijrochisi va sotuvchisi to‘g‘risidagi haqqoniy va to‘liq ma'lumotlarni, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda olish imkoniyatlarini ta'minlash;
aholining iste'molchilik bilimi va savodxonligini oshirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
iste'molchilarga ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda yordam ko‘rsatish;
iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, shuningdek, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish sohasida hamkorlik qilish;
iste'molchilar huquqi buzilishi sabablarini tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda iste'molchilar huquqi buzilishi holatlarining oldini olish;
tadbirkorlik va iste'molchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobatga va noto‘g‘ri reklamaning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida reklama bozorini tartibga solish;
iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;

















