Yaqinda Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati Termiz shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Ashirgul To‘rayeva murojaat qildi. Murojaatda aytilishicha, uning uyi shahar hokimligi tomonidan buzib tashlangan, lekin hozirga qadar uyning kompensatsiya masalasi ijobiy hal etilmagan.

Ma'lum bo‘lishicha, Ashirgul To‘rayeva 4 nafar farzandi bilan shaharning Istiqlol ko‘chasidagi 76/4 xonadonda yashab kelgan. Shaharda qurilishlar avj olgach, ularning uyi ham «snos»ga tushgan. Joriy yilning 24 aprelida Termiz shahar hokimligi va Ashirgul To‘rayeva o‘rtasida 49-sonli kelishuv bitimi tuzilgan.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 97-sonli qarori asosida Ashirgul To‘rayevaning mulki davlat va jamoat ehtiyoji uchun, ko‘p qavatli uy qurish uchun buzilishi belgilangan. Evaziga bitimga quyidagilar kiritilgan:

-        Fuqaro kompensatsiya mablag‘ini olganidan so‘ng, ikki kun ichida uy-joyni bo‘shatib beradi;

-        Hokimlik 92 430 000 (to‘qson ikki million to‘rt yuz o‘ttiz ming so‘m) mablag‘ni to‘lab beradi;

-        Hokimlik 30 kun ichida fuqaroga uy-joy qurish uchun Termiz tumanining Termiz shahar hududiga o‘tgan qismidan 400 kv.m. maydonni ajratib beradi.

Termiz shahar hokimi 
Xudayberdiyev Isroil

Lekin shahar hokimligi bitimda ko‘rsatilgan shartlarni to‘liq bajarmagan. Ikki kun ichida berilishi kerak bo‘lgan kompensatsiya mablag‘larini sal kam besh oy vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay berilmagan. Kompensatsiya to‘lanmasdan uy buzib tashlagan.

 «Yolg‘iz boshim bilan ijarama-ijara yashab yuribman. Har oy ijaraga 800 ming so‘mga yaqin pul sarflayapman. Hokimlikning esa parvoyi falak.

Agar o‘shandayoq kompensatsiya puli berilganida edi, allaqachon uyning ko‘p qismini bitirgan bo‘lar edik. Endi nima qilamiz? Kuz ham keldi. Shunday vaqtda qurilish boshlash esa ahmoqlik bo‘ladi. Rejalarimiz bir yilga kechikadimi? Ular ham bizning o‘rnimizga o‘zlarini qo‘yib ko‘rsa yaxshi bo‘lardi. Men bevaga ham oson emas...», deydi Ashirgul To‘rayeva.

Shundan so‘ng, izoh olish maqsadida Termiz shahar hokimligi bilan bog‘landik. Hokimlikdagilar pul tushishi bilan mablag‘ berilishini aytishdi.