Murojaatlar ortidan tanqidiy-tahliliy maqola yozgani joylarga chiqib, bor muammolarni to‘liq o‘rganganimizdan so‘ng maqola e'lon qilinadi.
Taajjublanarlisi, mutasaddilarning tanqidga nisbatan munosabati ikki xil bo‘ladi.
Ba'zi rahbarlar kamchiliklarni tan olmay, xaspo‘shlab, hech qanday muammo yo‘qligini isbotlash uchun raddiya yozish yo‘lini ma'qul ko‘radi. Qani edi RADDIYa bilan masala hal bo‘lsa...
Tanqidni to‘g‘ri tushunib, sog‘lom fikrlagan mutasaddilar esa, mavjud muammoni zudlik bilan hal etish yo‘lini tanlaydilar.
10 sentabr kuni KUN.UZ saytida Andijon viloyati, Buloqboshi tuman markazidagi M. Ismoiliy MFY hududidagi ko‘p qavatli uylardagi ta'mirlash va obodonlashtirish ishlaridagi kamchiliklar to‘g‘risida «Hammayoqni rasvo qilib ketishdi. Ta'mirlash kimning manfaati uchun edi?» — Buloqboshidagi «Sirli shirkat» haqida” sarlavhasi bilan tanqidiy material e'lon qilingan edi.

Maqola keng ommaga taqdim etilgach, Buloqboshi tuman hokimligi, Andijon viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi vakillari ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi vakillari bilan o‘sha kunning o‘zida uchrashib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga kirishishgan.
Buloqboshi tuman hokimi O‘tkirbek Ma'murov xonadon sohiblari arzlarini tinglab, tezkor ravishda obodonlashtirish ishlarini boshlagan.


Tanqidiy maqolada yonma-yon joylashgan uchta ko‘pqavatli uylarda yashovchi aholining Xalq banki krediti asosida olib borilgan ta'mirlash ishlari oxiri yetkazilmaganligi va oshiqcha narxda hisoblangani ta'kidlab o‘tilgan edi.
Andijon viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Mash'albek Tajiboyev ham aholi vakillari bilan uchrashib, mavjud muammolarni hal etishga kirishgan. Boshqarma tomonidan ishchi guruh tuzilib, ekspertlar «Buloqboshi qurilish servis», «Omadillo savdo lyuks» jamiyatlari tomonidan olib borilgan ta'mirlash ishlarini hisob-kitob qilishni boshlashgan.



























