Vazirlar Mahkamasining “Payvandchilarni attestatsiyadan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qoidalarga ko‘ra, bilim sinovi 18 yoshdan kichik bo‘lmagan, maxsuslashtirilgan kasb hunar-texnik bilim yurtini yoki payvandlash bo‘yicha kurslarni tugatgan, ushbu mutaxassislik bo‘yicha kamida 6 oy, avtomatlarda, yarimavtomatlarda va kontakt mashinalarda esa kamida 3 oy ishlagan payvandchilarga ruxsat etiladi. Bilim yurtida yoki kurslarda payvandchini o‘qitish jarayonidagi amaliy ishlar vaqti stajga kirmaydi.

Bilim sinovidan o‘tishdan oldin payvandchilar, bajarishga tayyorlanayotgan ishlarini bajarish spetsifikasini hisobga oladigan maxsus nazariy va amaliy tayyorgarlikdan o‘tishlari shart. Tayyorgarlik Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan maxsus dasturlar bo‘yicha o‘tkazilishi kerak. Dasturda payvandlash jihozlari bo‘yicha (vazifasi, tuzilishi, ishlash prinsipi, foydalanish qoidalari), asosiy va payvandlash materiallarining xossalari bo‘yicha, payvandlash texnologiyasi, payvand birikmalarining sifatini nazorat qilish, nuqsonlarni tuzatish usullari, shuningdek payvandlash ishlarini bajarishda xavfsizlik qoidalari bo‘yicha bo‘limlar bo‘lishi kerak.

Payvandchilar bilim sinovi doimiy ishlaydigan komissiya tomonidan korxonalarda (tashkilotlarda) ularning nazariy bilimlarini va amaliy ko‘nikmalarini tekshirish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Payvandchilarni bilim sinovidan o‘tkazish komissiyalari zarur ishlab chiqarish bazasiga ega va muhandis-texnik xodimlari bo‘lgan korxonalarda (tashkilotlarda), Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining hududiy organi bilan kelishilgan holda tuziladi.

Komissiya tarkibiga quyidagilar kirishi kerak:

a) bosh payvandchi yoki korxonaning (tashkilotning) payvandlash ishlari rahbari – komissiya raisi;

b) payvand nazoratini idora qiladigan, korxonaning (tashkilotning) texnik nazorat bo‘limi vakili (montaj tashkiloti payvandlash laboratoriyasi vakili);

v) sex (montaj uchastkasi) rahbariyati vakili;

g) payvandlash bo‘yicha o‘qitgan o‘qituvchi;

d) korxona (tashkilot) xavfsizlik texnikasi bo‘limi vakili;

ye) Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi vakili.

Undan tashqari, komissiya tarkibiga payvandlash ishlab chiqarish bo‘yicha boshqa mutaxassislar ham kiritilishi mumkin.