Toshkent shahrining deyarli markazida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan va bir necha yillar mobaynida turli to‘sqinliklarga uchrab kelayotgan «Molochnaya kuxnya» muammolari haqida Kun.uz saytida avval ham bir necha marta yozilgandi. Afsuski, hozircha voqealar rivoji tadbirkor foydasiga qarama–qarshi rivojlanib, «Molochnaya kuxnya» foydalanib turgan yer maydoni olib qo‘yilishi tomon yaqinlashmoqda.

Joriy yilning 11 sentabr kuni «Molochnaya kuxnya» O‘zbekistondagi qator nashrlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazib, o‘zi duch kelgan muammo yuzasidan bayonot berdi. Bunday yo‘l tutishga qaror qilgan tadbirkor so‘nggi imkoniyatlardan birini qo‘llayotgani ehtimolini rad etmadi. Ularning bu harakatlari davlat obro‘si yoxud prezident tomonidan olib borilayotgan islohotlarga putur yetkazish deb baholanmaslik kerakligiga urg‘u berildi.

Shuhrat Qayumov - Diyor Biznes kompaniyasi rahbari

«Biz yuqori davlat lavozimlarini egallab, Prezident tomonidan olib borilayotgan islohotlarga ishonchsizlik paydo qilayotgan ayrim mulozimlar guruhining kirdikorlari tufayli mamlakatimiz haqida salbiy fikr paydo bo‘lishini xohlamaymiz. Anjumanni tashkil etishdan maqsad – Prezidentning iqtisodiy siyosatiga zimdan qarshilik ko‘rsatayotganlarni fosh etishdir. Aynan ular olib borilayotgan islohotlarga to‘sqinlik qilishmoqda, mamlakatimiz obro‘sini tushirmoqda va uning imijiga zarar yetkazmoqda», - dedi Shuhrat Qayumov bayonoti avvalida.

Shuhrat Qayumov

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yekti o‘zi duch kelgan muammoni yuqori rahbariyat e'tiboriga yetkazishning qonunda belgilangan barcha choralarini qo‘llab bo‘lgan. U tomonidan o‘nlab maktublar, murojaatlar va arizalar berilgan. Biroq, xatlar ushbu mulozimlar guruhiga yuborilgan yo bo‘lmasa shunchaki e'tiborsiz qoldirilyapti.

Kun.uz sayti mazkur muammoni batafsil yoritgani sababli tadbirkor bayonotining muhim qismlarini e'tiboringizga havola qilamiz. Mazkur firma 2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2012 yili bugungi «Molochnaya kuxnya» o‘rni boshqa bir tadbirkorlik sub'yektidan sotib olingan. 2014 yilda esa muammolar boshlangan.

«2014 yili korxonamiz reyderlikka uchradi. Davlat mulki qo‘mitasi «obro‘li va qo‘li uzun mulozim» buyrug‘i bilan sudga puxta o‘ylangan da'vo arizasi kiritdi. Unda «Vaksina» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining mulki xususiylashtirilgani noqonuniy bo‘lgani bois ushbu birlashma inshootlari bilan bo‘lgan barcha bitimlarni haqiqiy emas, deb topish talab etilgan edi. Bu birlashmaning bino va inshootlari xususiylashtirilganidan 21 yil o‘tganidan so‘ng talab qilinmoqda edi. E'tibor qiling, 21 yil o‘tgach!», - deydi Shuhrat Qayumov.