Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalar mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimida:

2019 yil 1 noyabrgacha - ularni avtomatik tarzda mobil aloqa operatorlari tarmoqlariga ulash (aktivlashtirish) orqali bepul asosda;

2019 yil 1 noyabrdan - Nizomga muvofiq jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali bepul asosda;

2019 yil 1 dekabrdan - Nizomga muvofiq jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali pulli asosda ro‘yxatga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish maqsadida mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimi operatorining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan o‘zaro hamkorligi to‘g‘risida bitim tuzilishini hamda fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o‘tganligi haqidagi ma'lumotlar bilan avtomatik tarzda almashish uchun ularning elektron tizimlariga ulanishini bir oy muddatda ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra,  IMEI-kodlar ma'lumotlar bazasi - Tizim ro‘yxatga oluvchilari, mobil aloqa operatorlari, import qiluvchilar, ishlab chiqaruvchi tashkilotlar. huquqni muhofaza qilish organlari va jismoniy shaxslar taqdim etadigan ma'lumotlar asosida Tizim operatori tomonidan shakllantiriladigan baza. 

IMEI-kodlar ma'lumotlar bazasi mobil qurilmalar IMEI-kodlarining oq ro‘yxati, qora ro‘yxati, kul rang ro‘yxati va bog‘langan oq ro‘yxatidan iborat.