O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 sentabr kuni sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilayotgani, tashqi savdo va valuta operatsiyalari erkinlashtirilgani natijasida sog‘lom raqobat muhiti, haqiqiy bozor iqtisodiyoti shakllanmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston sanoatini zamon talablari asosida rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
«Eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan sanoat siyosatini yuritishimiz zarur. Mavjud xomashyo va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish va ko‘lamini keskin kengaytirish ushbu sanoat siyosatining negizi bo‘lishi kerak», – dedi davlat rahbari.

Prezidentning joriy yil 24 avgustdagi qarorida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish belgilangan edi. Yig‘ilishda ushbu tizimning samarali ishlashini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Mahalliylashtirishni kengaytirishga qaratilgan eng muhim yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.
Tarmoqlar va yirik korxonalarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalasi muhokama qilinar ekan, joriy yilning o‘tgan davrida yangi loyihalar doirasida bor-yo‘g‘i 1 milliard dollarlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilgani qoniqarsiz deb baholandi. Bu boradagi ishlar sust tashkil etilgan «O‘zmaxsusmontajqurilish» aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zyog‘moysanoat» uyushmasi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati kabi korxonalar faoliyati tanqid qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 maydagi «Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarning yangi turlarini o‘zlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, elektron kooperatsiya portalini tezroq ishga tushirib, sanoat mahsulotlari yetkazib berish shartnomalarini elektron tuzish ko‘lamini kengaytirish vazifasi qo‘yildi.


















