Jahon | 10:35 / 20.09.2019
10027
2 daqiqa o‘qiladi

Arab koalitsiyasi dronlar hujumidan keyin husiychilarga qarshi harbiy amaliyot boshladi

Foto: Nariman El-Mofty /AP

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi Yamanning Xudaydo portidan shimolda harbiy amaliyot boshladi. Bu haqda Al-Ekhbariya telekanaliga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

Amaliyot 14 sentyabrda Saudiya Arabistonidagi neft obektlariga hujum qilingandan keyin o‘tkazilmoqda. Undan maqsad “harbiy obektlar” bo‘lib, koalitsiya tinch aholidan ularga yaqinlashmaslikni so‘ragan.

Amaliyot davomida boshqaruvchisiz qayiqlar va dengiz minalari yig‘ilgan 4 ta obekt yo‘q qilingani ma'lum qilingan.

Shuningdek, koalitsiya vakili Turki al-Malikiyning ma'lum qilishicha, koalitsiya kuchlari “Ansor Alloh” (husiychilar) harakati a'zolari tomonidan suvga tushirilgan minalashtirilgan qayiqni yo‘q qilishgan. Qayiq Xudaydo portidan suvga tushirilgan hamda dengiz transport yo‘llari xavfsizligiga tahdid solishi mumkin edi.  

14 sentyabrga o‘tar kechasi Saudiya Arabistonining Saudi Aramco neft kompaniyasi obektlari dronlar hujumiga uchragandi. Ushbu hujum uchun javobgarlikni husiychilar o‘z zimmasiga olgan.  

Biroq Saudiya Arabistoni mudofaa vazirligida hujum Yamandan emas, balki Erondan olib borilgani aytilgan. Ar-Riyod ma'lumotlariga ko‘ra, hujum vaqtida Tehron tomonidan ishlab chiqarilgan Delta Wing UAV dronlari qo‘llangan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid