O‘zbekiston | 11:59 / 21.09.2019
8531
4 daqiqa o‘qiladi

Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha moliyaviy manbalari belgilanadi

Vazirlar Mahkamasining “Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha moliyaviy manbalari etib:

O‘zbekiston Respublikasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari;

tijorat banklarining xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb etilgan xorijiy kreditlari;

mahalliy budjet mablag‘larini jalb etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Belgilanishicha:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta'minlashga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlar loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi bilan kelishiladi;

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish uchun berilgan yer uchastkalaridan samarasiz foydalangan yer egalariga nisbatan belgilangan yer solig‘i stavkasining uch barobar oshirilgan miqdori qo‘llaniladi;

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari tomonidan mahalliy budjetga to‘lanadigan yagona yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq miqdorining o‘n foizi;

bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish uchun berilgan yer uchastkalaridan samarasiz foydalangan yer egalariga nisbatan belgilangan yer solig‘i stavkasining oshirilgan miqdori Agentlik qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi;

maydoni 10 gektardan kam bo‘lmagan yangi intensiv bog‘, shuningdek, 1 gektardan kam bo‘lmagan yangi qurilgan zamonaviy issiqxona xo‘jaligida O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan agronom shtat birligini tashkil qilinadi;

yangi intensiv bog‘lar, shuningdek, zamonaviy issiqxona xo‘jaliklariga jalb qilingan agronomlar akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Respublika bog‘bonlar maktabida har 3 yilda bir marotaba o‘z mablag‘lari hisobidan malakasini oshiradi;

2020 yil 1 yanvardan bog‘dorchilik xo‘jaliklariga iqtisodiy samarasiz va yaroqsiz bog‘larni buzish xarajatlarini qoplab berish uchun Jamg‘arma hisobidan subsidiya beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb etilgan xorijiy kreditlar hisobidan 2020-2021 yillarda intensiv bog‘ barpo etish va zamonaviy issiqxona qurish uchun loyiha tashabbuskorlarini aniqlaydi va bajarilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi intensiv bog‘ barpo etish va zamonaviy issiqxona qurish loyihalariga O‘zbekiston Respublikasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasining mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘radi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid