Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qurilish-pudrat tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
markazlashgan manbalar va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obektlarning hamda qo‘p qavatli uy-joylarning qurilish-montaj ishlarini bajarish sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalash tizimini joriy etish;
markazlashgan manbalar va ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan obektlarning qurilish-montaj ishlarini bajarish bo‘yicha tender savdolarida faqatgina qurilish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan qurilish-pudrat tashkilotlari ishtirok etishiga ruxsat berish;
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tasarrufidagi 14 ta ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlarida qurilish-pudrat tashkilotlari bilan shartnoma asosida ularning mutaxassis-quruvchilari va ishchilarini qayta tayyorlash va kasbga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini, jumladan, sayyor o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ishtirokchilarga muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga ega bo‘lganligi to‘g‘risida II-daraja (razryad)li va undan yuqori darajali sertifikatlarini berish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
a) qurilish-pudrat tashkilotlari quyidagi talablarga javob beradigan va ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan taqdirdagina, ularga litsenziya beriladi:
qurilish tashkilotlarining qurilish-pudrat ishlarining turi va yo‘nalishi bo‘yicha ixtisoslashganligi, qurilish-montaj ishlarining tarkibi va xususiyatiga muvofiq mutaxassislik diplomi va malaka sertifikatiga ega bo‘lgan doimiy mutaxassis-quruvchilari va ishchilari bilan ta'minlanganligi;
qurilish tashkilotlarining ixtisosligi va tashkiliy tuzilmasiga muvofiq asosiy ishlab chiqarish fondlari, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar asosida tegishli bo‘lgan ishlab chiqarish bazasi, qurilish texnikasi, mashina va mexanizmlari, shuningdek kichik mexanizatsiya vositalari mavjudligi;

















