Ernesto Valverde jamoasi yana safarda juda muvaffaqiyatsiz o‘yin o‘tkazdi va turnir jadvalining sakkizinchi o‘rniga tushib ketdi. Katalonlar mavsumni juda yomon boshlashdi, gap faqat yo‘qotilgan ochkolardaginamas. Ko‘k-anorranglilar Frank Raykard davridan buyon eng yomon o‘yinlarini namoyish etishmoqda. 

G‘alabasiz seriya va antirekordlar

«Barselona» yozgi transferlar oynasida tarkibini sezilarli darajada kuchaytirib oldi. Grizmann, de Yong va Firpo keldi, klub prezidenti Xosep Bartomeu faqat Neymarni olib kelishga ulgurmadi. Yangilangan tarkibi bilan katalonlar maydonga tushmasdanoq 3 ochkoni cho‘ntakda deb bilishlari mumkin edi. Ammo haqiqat achchiq: bu mavsum starti Ispaniya ligasida g‘alaba uchun uch ochko berila boshlagan davrdagi eng yomon start bo‘ldi (avvallari g‘alaba uchun 2 ochko berilgan). 1994/95 yilgi mavsumda Yoxan Kroyf boshqaruvidagi «Barsa» safarda ikki o‘yinda yutqazib, bir o‘yinda durang o‘ynagan, o‘z maydonidagi ikki o‘yinda g‘alaba qozongan. O‘shanda jamoa 5 turda 5 ochko to‘plagandi.

Yana bir boshqa omadsiz seriya — barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlar qo‘shib hisoblanganda 7ta safar o‘yinida g‘alabasiz seriya, bunday holat 2000/01 yilgi mavsumdan buyon ilk marta kuzatilmoqda. Bunday natija Raykard tomonidan ham qayd etilgandi: nidarlandiyalik mutaxassisni 2008 yil bahorida «Barselona» qatorasiga beshta o‘yinda g‘alaba qozona olmagach ishdan bo‘shatib yuborishgandi. Nahotki barchasi katalonlar Messisiz o‘ynay olmasligida bo‘lsa?

Valverdening murabbiylik qarashlari
«Men xavotirdaman, — dedi murabbiy «Barselona»dagi o‘yindan so‘ng. — Safarda biz uydagi kabi yaxshi o‘ynay olmayapmiz. Bugun biz ustunlik qildik, ammo gol ura olmadik. Keyingi o‘yinda yanada ko‘proq kuch bilan o‘ynashga harakat qilamiz».

Valverde o‘tgan mavsum oxirida «Liverpul»  «Barselona»ni 4:0 hisobida mag‘lub etib, YeChLdan chiqarib yuborganida ham taxminan shunday fikrlarni aytgandi. O‘shanda murabbiy «o‘zida davom etish uchun kuch his qilayotgani» haqida gapirgandi.

Klub rahbariyatining muammosi shundaki, shartnomani bir tomonlama buzish uchun 20 million yevro miqdorida kompensatsiya to‘lash talab etiladi, shu tufayli Bartomeu barcha muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘lishiga umid qilmoqda. Ammo amalda bunday bo‘lishi qiyin: ushbu murabbiy uchinchi mavsumda jamoani boshqarmoqda, lekin katalonlar klubida rivojlanish ko‘zga tashlanmayapti.

O‘tgan ikki mavsumda «Barsa» asosan ikki futbolchi sa'y-harakatlari bilan natijaga erishdi: ter Shtegena va Messi. Mark-Andre o‘tgan mavsumdayam jamoaga kamida 10 ochkoni bir o‘zi olib berdi, Lionel qolganini hal qildi. Ispaniyalik futbol ekspertlari Valverde jamoasi sardorsiz hech narsaga qodir emas, degan fikrga kelishgan, shu bilan birgalikda bunda Messining o‘zini ham ayblashadi. Ernesto vaziyat qurboni bo‘lmoqda: u o‘z bilganicha jamoa shakllantira olmaydi, chunki Leo barcha o‘yinlarni o‘z zimmasiga oladi. Hozir, Messi yo‘qligida, Valverde hech bir yangilik o‘ylab topa olmayapti.