O‘zbekiston | 16:14 / 24.09.2019
15842
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Umurzoqov: O‘zbekiston xorijiy avtokompaniyalarga ham butlovchi qismlar yetkazib bermoqda

«O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqovning ma'lum qilishicha, mahalliylashtirish korxonalari xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilar konveyerlariga avtokomponentlar yetkazib bermoqda. Chunonchi, O‘zbekistondan dunyoning 5ta qit'asidagi yirik ishlab chiqaruvchilar konveyerlariga salmoqli avtokomponentlar yetkazib berilmoqda. Jumladan, turli mamlakatlardagi «General Motors» zavodlariga butlovchi qismlar yetkazib berishdan tashqari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari «Lada», «GAZ», «UAZ», 2018 yildan «Peugeot Citroën» avtomobillarida ham ishlatilmoqda, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.  

Toshkentda avtomobilsozlik sanoatida mahalliylashtirish darajasini oshirish, shuningdek O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va investorlar bilan yaqin sheriklik aloqalarini shakllantirish maqsadida «Mahalliylashtirish forumi-2019» nomli keng ko‘lamli tadbir bo‘lib o‘tmoqda. 24-26 sentabr kunlari «O‘zavtosanoat» AJ tomonidan tashkil etiladigan forumda mahalliy korxonalar qatorida, Hindiston, Xitoy, AQSh, Fransiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarning 50dan ziyod kompaniyalari vakillari qatnashadi. Ular orasida Faurecia (Fransiya), Autoglass Corp (J.Koreya), Yanfeng Adient (Xitoy), Spark Minda (Hindiston), Joyson Safety Systems (AQSh) va avtokomponentlar ishlab chiqaruvchi boshqa yirik kompaniyalar ham bor.

Ta'kidlanishicha, tarmoq korxonalarini yanada rivojlantirishdagi strategik maqsad sanoat ishlab chiqarish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda mahalliylashtirishni chuqurlashtirishdan iborat. Shu munosabat bilan, asosiy e'tibor avtokomponentlar ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilmoqda. 

Hozirda, respublika avtomobil sanoatida butlovchi detallar ishlab chiqaruvchi 240dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Birgina «O‘zavtosanoat» AJ tuzilmasida yuqori texnologik avtokomponentlar, avtomobillar, yuk texnikasi, avtobuslar va boshqa texnikalar ishlab chiqarishga 40dan ortiq kompaniya jalb etilgan. 

Mavzuga oid