Hafta davomida ham kuchli beshlik chempionatlarida navbatdagi tur o‘yinlari va kubok musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Kechadan esa, yana bir futbol haftasiga start berildi. Kelasi haftada yevrokubok o‘yinlari ham borligi bois, asosan Chempionlar Ligasida qatnashadigan klublar o‘z o‘yinlarini bugun o‘tkazadilar. Ular ichida eng qiziqlari haqida qisqacha ma'lumotlarni taqdim etamiz. 

EVeRTON – MANCheSTeR SITI (28 sentabr, 21:30)

Bir qiziq holat bor. Aslida «Everton» manchesterliklar uchun juda noqulay raqib. Masalan Gvardiola ilk mavsumidagi ushbu stadionga safar hisobidagi mag‘lubiyat bilan tugaganini ham eslasangiz kerak. Pep Angliya Premer Ligasidagi dastlabki to‘rt o‘yinda «Everton» ustidan g‘alaba qozona olmagandi. Boshqa tarafdan, qizig‘i, «Manchester Siti» aynan «Liverpul» bilan chempionlik poygasiga kirishgan paytlarda «Everton» unchalik qarshilik ko‘rsatmaydi. Hatto jamoa muxlislari ham «Liverpul» chempionligini shu qadar istashmaydiki, uy o‘yinlarida mehmonlarga muxlislik qilgan paytlari ham bo‘lgan. Masalan, o‘tgan mavsumda «Everton» «Liverpul» bilan o‘yinda ochko olishga muvaffaq bo‘lgan, «shaharlik»larga esa, har ikki o‘yinni boy bergandi.  

Ammo bu safar holat biroz boshqacha. Birinchidan, hali mavsum boshi, unday hisob kitoblarga o‘rin yo‘q, ikkinchidan esa, «Everton» APL da oxirgi ikki o‘yinni, so‘nggi to‘rt o‘yindan uchtasini boy berdi. Raqiblar ham top klublar emas, «Bornmut», «Sheffild» va «Aston Villa» ekanini e'tiborga olsak, jamoa muxlislar qarshisida o‘zini oqlanib olish uchun yaxshi imkoniyat. Zero, yozdagi aktiv transfer oynasidan so‘ng, «Everton»dan hatto kuchli oltilik bilan raqobatlasha olishni kutishgandi. Jamoa tarkibida Kin, Mina, Din, Shnayderlin, Kalvert-Levin, Gomesh kabi o‘z vaqtida top klublarda to‘p surgan tajribali futbolchilar bor. Shuningdek, so‘nggi mavsumlarni «Manchester Siti» safida o‘tkazgan Fabian Delf ham sobiq jamoasiga qarshi o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xullas, har ikki tomonda ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushishga maqsad ham, mahorat ham yetarli.

Jarohatlarga kelsak, mezbonlar safida Andre Gomesh maydonga tusha olmaydi. Pep Gvardiola uchun esa, haqiqiy bosh og‘rig‘i markaziy himoya bo‘lib turibdi. Ushbu pozitsiyadagi asosiy futbolchilar jarohatlanishgan. Lekin o‘tgan turda Fernandino bu ampluada ham ancha ishonchli harakat qildi, Otamendi esa, hatto gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yangi, vaqtinchalik tandem endi safar o‘yinida, haqiqiy bosim qarshisida qanday o‘yin ko‘rsatishlari qiziq bo‘lsa kerak. Balki, Kayl Uolker markaziy himoyaga qaytar? Uning uch himoyachi sxemasida va Angliya terma jamoasida markaziy himoyachi sifatida ham tajribasi bor.