Yer kurrasidagi har uchinchi kishi muntazam ravishda tishlarini g‘ichirlatadi. Bu kattalar va bolalarga birday bog‘liq jarayon. Ammo boshlang‘ich davrda unchalik e'tiborni tortmagan g‘ayritabiiy tovushlar bora-bora bolakayning ota-onasining asablarini yeb bitirishi hech gap emas. Ularning sababi gijjalar bo‘lsa-chi? Yoki u tishini shikastlab olsa nima bo‘ladi? Balki bu xavflidir?

Quyida bolalar tishlarini g‘ichirlatishiga oid sabablar bilan tanishtiramiz. Aytishimiz shart: tinchlaning, faqat tinchlaning.

Bruksizm nima va u qayerdan kelib chiqadi?

Tishlarning beixtiyoriy g‘ichirlashi tibbiyot sohasida bruksizm deb ataladi (qadimgi yunon tilidan «tishning g‘arch-g‘urchi» ma'nosini beradi). Bolalardagi bruksizm xurujlari aksariyat hollarda uyqu vaqtida ro‘y beradi — uning chuqur davrida — yoki qattiq xavotirlanishlar paytida.

Bolalarni jag‘ suyagini g‘ichirlatishga majbur qiluvchi aniq sabablar hanuz ekspertlar uchun noma'lum bo‘lib qolmoqda. Biroq ba'zi o‘zaro aloqalar aniqlanishiga erishilgan. Shunday qilib, chaynash muskulaturasining ixtiyorsiz qisqarishi ko‘p hollarda quyidagi omillar bilan bog‘liqdir.

Bolaning sut yoki doimiy tishlari chiqyapti

Tishlarning yorib chiqishi yetarli darajada og‘riqli jarayondir. Bu vaqtda milklar qichishadi va bolakay o‘zidagi yoqimsiz sezgini bosish uchun ongsiz ravishda jag‘ini qisadi.

Notekis tishlam sababli

Tepa va pastki tishlar bir-biriga noto‘g‘ri birikishi va buning natijasida jag‘lar jipslashmasligi kuzatiladi. Noqulaylik tug‘ilgandan so‘ng bola tishlar bir-biriga xalaqit bermaydigan holatni topish uchun jag‘larini har tomonga qiyshaytirishni boshlaydi.

Jag‘ uchun bosim yetishmasligi

Bu vaziyat bir yarim yoshdan oshgan va qandaydir sabab bilan yetarli darajada qattiq ovqat qabul qilmaydigan bolalar orasida keng tarqalgan. Masalan, ona bola uchun sut yetarli deb o‘ylaydi.

Bir necha kun davomida jag‘ suyaklari kerakli yuklamani qabul qilmaydi va organizm tuni bilan buning o‘rnini qoplashga uringani uchun jag‘ mushaklarini qisqarishga majbur etadi. Tish g‘ichirlashi esa ushbu jarayonning keyingi ko‘rinishidir.