1 oktyabrdan 2 oktyabrga o‘tar kechasi Chempionlar ligasining guruh bosqichi 2-turi doirasida 4ta guruhda 8ta o‘yin bo‘lib o‘tdi.

A guruhi
O‘tda yonmas parijliklar

«Galatasaroy» — «PSJ» — 0:1 (Ikardi, 52).

«Real» — «Bryugge» — 2:2 (Serxio Ramos, 55. Kazemiru, 85 — Dennis, 9, 39). Chetlatish: Former («Bryugge»), 84.

«Real»ning «Bryugge» bilan qiyin durangi haqida avvalroq yozilgandi. Yevropaning yana bir grandi «PSJ» ham seshanba kuni qiyin o‘yin o‘tkazdi — parijliklar «Galatasaroy» mehmoni bo‘lishdi. Neymar hamon bahordagi qilig‘i uchun diskvalifikatsiya o‘tamoqda va jamoa braziliyalik yetakchisisiz qiynalmoqda. Bu o‘yinda «PSJ»ning hujum uchligi Di Mariya, Sarabiya va Ikardidan tarkib topdi — o‘yinning 52-daqiqasida Sarabiyaning pasini Ikardi golga aylantirdi. Bu yozning asosiy transferlaridan biri sifatida Parijga kelgan argentinalik hujumchining yangi klubi safidagi birinchi goli bo‘ldi.

Bu goldan keyin mehmonlar hisobni saqlab qolish uchun o‘ynashdi va bunga erishishdi. Ikki o‘yinda ikki g‘alaba va A guruhida kim birinchi o‘rinni egallashiga hech kimda shubha yo‘q.

V guruhi
«Shporlar»: «Arsenal»dan ham yomonroq

«Tottenhem» — «Bavariya» — 2:7 (Son Xin Min, 12. Keyn, 61, penalti — Kimmix, 15. Levandovski, 45, 87. Gnabri, 53, 55, 83, 88).