Tribuna.uz o‘z an'anasiga muvofiq Yevropada navbatdagi uik-endning eng asosiy o‘yinlari anonsini taqdim etadi.

LIVeRPUL – LeSTeR (5 oktabr, 19:00)

“Liverpul” APLda hali ochko yo‘qotmagan, mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa sanaladi va “Lester” sinovi ushbu mavsumdagi jiddiy sinovlardan bo‘lishi mumkinligiga bir qator asoslar bor. Birinchisi – Brendon Rojyers. Ushbu murabbiy o‘z vaqtida “Liverpul”da ishlagan, hatto chempionlikka juda yaqin kelgan, Yurgen Klopp kelishidan oldin iste'foga chiqarilgandi. Rojyers Angliyada navbatdagi kuchli jamoasi tuzish yo‘lida muvaffaqiyatli ishlamoqda.

Ikkinchisi, rostan ham “Lester” juda sifatli o‘yin namoyish etmoqda. Turnir jadvalida uchinchi pog‘onada borayotgan “tulkilar” o‘yin saviyasi bo‘yicha mutaxassislarning e'tirofiga sazovor bo‘ldilar va hatto top-6 ichiga kirishga dastlabki da'vogar sifatiga tilga olinyapti. Shuningdek, “Lester”ning Klopp jamoasi uchun juda noqulay raqib ekanini ham unutmaslik kerak. “Liverpul” yuqori pressing va himoyalanishga o‘rgangan, uzun paslar orqali maydon markazini kesib o‘tish esa, tarkibida Vardi bor “Lester” uchun asosiy qurollardan biridir.

Yana bir fakt – “Liverpul” APL doirasidagi o‘yinlarda oxirgi marta 30 yanvar kuni “Enfild”da ochko yo‘qotgan. Shundan beri qatorasiga 10 o‘yindan beri Klopp shogirdlari uy o‘yinlarida faqat g‘alaba qozonib kelmoqdalar. O‘sha yanvardagi 1:1 hisobli durangda esa, raqib, topdingiz, “Lester” edi.

Tarkiblar borasida mezbonlarda muammo yo‘q, darvozabon Alison terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan keyin safga qaytadi. “Lester” yetakchisi Jyeyms Meddisonning maydonga tushishi ham hozircha so‘roq ostida turibdi. Unda yengil jarohat bor.

Darvoqe, “Liverpul” hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasi doirasida asosiy tarkib bilan o‘z o‘yinini o‘tkazganini ham ta'kidlash kerak. Bu esa, jismoniy tarafdan “Lester” imkoniyatlarini biroz oshiradi.

VeST HEM – KRISTAL PELAS (5 oktabr, 21:30)

Top-raqiblar bo‘lmasa-da, o‘yinning derbi ekani va uchrashuv vaqti APLdagi boshqa o‘yinlardan alohida vaqtda ekani ham muxlislarni jalb qilsa ajab emas. Tomonlar liganing eng tajribali murabbiylari Manuel Pellegrini va Roy Hojson qo‘l ostida maydonga tushishlarini ham hisobga olsak, o‘yin juda yuqori saviyada o‘tishini taxmin qilsa bo‘ladi.

Shuningdek, raqiblarning sport formasi ham ajoyib darajada. Har ikkisi ham mavsumni yomon boshlagan bo‘lishsa-da, keyingi o‘yinlarda o‘nglanib olishdi va turnir jadvalining yuqori qismiga ancha yaqinlar. “Kristal Peles” so‘nggi 5 o‘yindan 3tasini o‘z foydasiga hal qildi, bu g‘alabalar ichida “Old Trafford”dagisi ham bor. “Vest Hem” esa, dastlabki turdagi yirik mag‘lubiyatdan so‘ng, yutqazmayapti – 3 g‘alaba va 3 durang bilan “bolg‘achilar” ochkolar bo‘yicha, Londonning egalari bo‘lmish top klublardan ustun bo‘lib turibdilar. “Vest Hem” hozirda “Arsenal” bilan teng, “Tottenhem” va “Chelsi”dan ko‘proq ochko jamg‘ardilar.