Turkiyada hukmron partiya deputatining uyidagi sirli hodisa oqibatida vafot etgan Nodira Qodirova aslida qotillik qurboni bo‘lishi mumkin.

Deutsche Welle tarqatgan xabarga ko‘ra, marhumning jasadi O‘zbekistonga keltirilgach, dafn etishdan oldin yuvish chog‘ida uning tanasida ikkita o‘q teshigi va ko‘kargan joylar borligining guvohi bo‘lishgan.

O‘zbekistonlik qiz Turkiya parlamenti deputatining uyida o‘zini otib qo‘ydi. Marhumning akasi politsiya xulosasidan shubhada

«Qizning oila a'zolari qo‘rqib qolishgan»

Bunga qadar Qodirova yuragidan biroz yuqoriroqqa o‘zi o‘q uzgani, ya'ni o‘z joniga qasd qilgani aytib kelinayotgan edi. Ammo, Nodiraning qarindoshi shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan DW muxbiriga aytishicha, marhumning oyog‘ida ham o‘q uzilganidan qolgan teshik, yelkasi va qo‘llarida esa ko‘kargan joylar bo‘lgan.

Shuningdek, tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, jasad O‘zbekistonga olib kelingach, takroriy sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmagan. Qolaversa, marhum dafn etib bo‘linguniga qadar deputat Shirin Unalning odami jarayonni muntazam kuzatib turgan.

Bundan tashqari, marhumning oila a'zolari ayni jarayon davomida Turkiya elchixonasiga 2-3 marta borib kelishgani aytilmoqda.

DW manbalari oila a'zolari qattiq qo‘rqib qolishgani, OAV vakillari bilan ortiq muloqot qilishni istashmayotganini bildirgan. Oilaning uyi yaqinida noma'lum sabablarga ko‘ra 24 soat davomida ikki militsioner turgani ham iddao qilinyapti.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu ish yuzasidan endilikda advokat Birol O‘zturk o‘zbekistonlik oila tomonida turib shug‘ullana boshlaydi. Hozircha u oiladan tegishli vakolatni olmagan, shu bois ish materiallari, xususan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi bilan tanisha olmaydi.

DW mazkur holat yuzasidan deputat Shirin Unalning Turkiya parlamentidagi ofisi bilan bog‘langan. Qo‘ng‘iroqqa deputatning vakili javob berib, bu masalada hech qanday izoh bera olmasligini, barcha savollarga prokuratura o‘z bayonotida javob berganini bildirgan.