Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassadan olingan cheklarni davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar orasida yutuqli o‘yinlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, jismoniy shaxslar kassa chekini olganlaridan so‘ng mobil ilova yordamida yoki Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti orqali kassa chekining QR-kodi va fiskal belgilarini qayd qiladilar.

Bunda, kassa cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga o‘yin ishtirokchisi sifatida ro‘yxatga olinganligi haqida tegishlicha uyali telefoniga SMS shaklida yoki elektron pochta manziliga xabar yuboriladi. Shu orqali jismoniy shaxslar yutuqli o‘yin qatnashchisiga aylanadi.

Yutuqli o‘yin jihozlari Kapital bozorini rivojlantirish agentligidan ekspertizadan o‘tkaziladi va tasdiqlangandan keyin foydalanishga qo‘yiladi.

Kassa cheklari aynan olingan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan davr (chorak, oy) uchun o‘ynaladigan yutuqli o‘yinda qatnashish huquqini beradi.

Kassa chekining har bittasiga yutuqlarni olishning teng imkoniyati (teng ehtimolligi) o‘yinning asosiy prinsipi hisoblanadi. Yutuqli o‘yinlarning ushbu prinsiplar buzilgan holda o‘tkazilishi taqiqlanadi.

Yutuqli o‘yin natijalariga ko‘ra bir nafar qatnashchi yutuqlardan faqat bittasining egasi sifatida e'tirof etilishi mumkin.

Yutuqli o‘yinni qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazilishini nazorat qilish uchun Davlat soliq qo‘mitasining buyrug‘i bilan komissiya tuziladi. Komissiyaning tarkibi, ish reglamenti va o‘yin qoidalari Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

Yutuqli o‘yinlar uni o‘tkazish qoidalariga muvofiq tashkilotchi tomonidan amalga oshiriladi.

Yutuqli o‘yinni qonunchilikka muvofiq o‘tkazilishini nazorat qilish bo‘yicha komissiya tarkibi rais, uning o‘rinbosari, komissiyaning kotibi va a'zolaridan iborat bo‘lib, 7 kishidan kam bo‘lmasligi kerak.

Komissiya tarkibiga kelishuv asosida tashkilotchi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruvi organlari, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari kiritilishi mumkin.