Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi sohasida o‘rta maxsus professional ta'lim darajasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejlari negizida oliy ta'lim tizimi bilan integratsiyalashgan qishloq xo‘jaligi texnikumlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Quyidagilar Texnikumlarning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasida soha va uning tarmoqlarida yaqin istiqbolda va kelajakda amalga oshiriladigan vazifalar, joriy qilinadigan zamonaviy texnologiyalarni hisobga olgan holda nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni puxta egallagan malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash;
ilg‘or xorijiy tajriba hamda professional ta'lim tizimi oldiga qo‘yilayotgan vazifalar asosida o‘quvchilarni innovatsion va yangicha fikrlashga yo‘naltiradigan zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalardan samarali foydalangan holda sifat jihatdan yangi ta'lim dasturlarida o‘quvchilarning mustaqil izlanishini ta'minlovchi mexanizmlarni keng joriy etish;
qishloq xo‘jaligi va uning tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, texnikumlar hamda Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari o‘rtasida ta'lim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini ta'minlash;
qishloq xo‘jaligi soha va tarmoqlari uchun kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda ikki yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov kontrakt asosida o‘qitish;
o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, fan dasturlarida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, soha bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va resurstejamkor ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha nazariy bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish;
xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar va ilmiy-pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etish;
professor-o‘qituvchilar, ilmiy-tadqiqotchilar, iqtidorli o‘quvchilarning innovatsion texnologiyalarni yaratish hamda joriy etish borasidagi tashabbuskorligi va moddiy manfaatdorligini oshirish, mulkchilik shaklidan qat'iy nazar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va logistikasi bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga axborot-maslahat (extension) xizmatlarini ko‘rsatish;

















