O‘zaro uzluksiz aloqa jarayonida turli yangi texnologiyalar va g‘oyalar oqimi davlatlar o‘rtasida mutassil almashinib boriladi. Mana shu jarayonda mamlakat yangi innovatsion g‘oyalarni – startaplarni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangisini qo‘llashdan ko‘ra, mavjud va sinalgan importni mamlakatga kiritish ko‘proq foyda bermaydimi, degan savolga Innovatsion rivojlanish vazirligi xalqaro konsultanti Yerbol Suleymenov startaplar mamlakatdagi ichki ilmiy salohiyatni qo‘llab-quvvatlashda katta ahamiyatga egaligini ta'kidladi. Bundan tashqari, ular kichik biznes va yuqori texnologiyalar bozorini rivojlantirishda ham muhim omil hisoblanadi.

Nega davlat startaplarni rag‘batlantirishi kerak?

quora.com saytida ta'kidlanishicha, aholi bandligini oshirish – startaplar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining eng katta sababi hisoblanadi.

O‘z-o‘zini ish bilan ta'minlash tamoyili esa ishsizlik darajasini ancha qisqartiradi.

Mamlakatda ishlab chiqarish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lishi YaIM ko‘rsatkichi o‘sishiga va boshqa jihatlar bilan farovonlik oshishiga yordam beradi.

«Hukumat startaplarni qo‘lab-quvvatlashda o‘zini xususiy sektor bilan bir xilda tutishi shart emas. U eng avvalo, o‘sha yangi biznesning ishlab ketishi va bozorda uchrashi mumkin bo‘lgan birlamchi to‘siqlarni olib tashlasa, yetarli», - deya yozadi ejinsight.com sayti.

weforum.org ma'lumotlariga ko‘ra esa, iqtisodiy o‘sish va ish o‘rni yaratishning asosiy kaliti ham startaplardir. Ular har yili yuqori texnologik hab (markaz)lardagi 40 foiz yangi ish o‘rnini yaratadi.

O‘zbekistonda startap yaratish uchun...

Innovatsion rivojlanish vazirligi saytida Garvard universtiteti va boshqa turli nufuzli universitetlarni tugatgan malakali mutaxassis Odil Abdurazzoqov tomonidan tavsiya qilinishicha, startaplarni boshlash uchun ayrim muhim jihatlarga e'tiborli bo‘lish zarur:

«Vitamin emas, «og‘riq qoldiruvchi» startaplar yaratish zarur. Masalan, kuchli tish og‘rig‘i yoki bosh og‘rig‘i boshlanganda odamlar darhol og‘riq qoldiruvchi dori sotib oladi. Qarz olib bo‘lsa ham, og‘riqqa tezroq barham berishga harakat qiladi. Vitamin foydali ekanligini hamma bilsa ham, kamdan kam odam sotib oladi.