2019 yil 8 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisiga kiritilgan 5 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining maqsadi omonatchilar hamda bank xizmatlaridan boshqa foydalanuvchilarning huquq va manfaatlarini hisobga olgan holda moliya muassasalarining barqarorligi va ular o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni ta'minlashdan iborat. Shu maqsadda Qonun bank faoliyatiga ruxsat berish shartlari, O‘zbekiston Respublikasida ushbu faoliyatni amalga oshirish, shuningdek banklarni qayta tashkil etish va tugatish borasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Shuningdek, Qonun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining moliya muassasalarini prudensial nazorat qilishda qo‘yiladigan talablar, qo‘llanadigan vosita va tartib-taomillar borasidagi vakolatlarini ham aniq belgilaydi.

Qonunning Senat tomonidan ma'qullanishi banklar va bank faoliyati qonunchilik asoslarining yanada takomillashuviga, moliyaviy xizmatlar iste'molchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, bank tizimi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga xizmat qilishi majlis ishtirokchilari tomonidan aytib o‘tildi.

“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni  yana bir muhim hujjatdir. Qonun O‘zbekiston Respublikasining bosh moliya muassasasi faoliyatini tartibga solishga qaratilgan.

Mamlakat pul-kredit siyosati, uning vosita va mexanizmlarini tubdan takomillashtirish va narxlar barqarorligini ta'minlashga qaratilgan ta'sirini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar asosida inflatsiyaning oldini olish va bunda Markaziy bank faoliyatini tartibga solish mazkur Qonunning asosiy maqsadini tashkil etadi. Uning qabul qilinishi Markaziy bank pul-kredit siyosatini amalga oshirishda zamonaviy mexanizmlar qo‘llanilishi, tijorat banklarining boshqaruv sifatiga ta'sir ko‘rsatish mexanizmlarining takomillashtirilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, Qo‘mita ishchi guruhi yig‘ilishida “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni haqida ham so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, Qonun mamlakatda rezidentlar va norezidentlarning o‘z valuta boyliklariga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarni hamda valutani tartibga solish va uning nazoratiga doir vazifalarning qonuniy yechimini ta'minlanishga qaratilgan. Natijada valuta operatsiyalarini amalga oshirishda yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z mablag‘larini erkin tasarruf etishlari bo‘yicha barcha holatlarning qonunchilik me'yorlari bilan qamrab olinishi ta'minlanmoqda.