O‘zbekistonlik iqtisodchi Behzod Hoshimov O‘zbekistonning 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Quyida Hoshimovning posti keltiriladi.

O‘zbekistonning 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini muhokamaga qo‘yishibdi. Hozircha shunday muhim loyiha, afsuski, faqat rus tilida yozilgan. O‘zbekchada tarjimasini hali qo‘yishmabdi.

Albatta, kamida 10 yillik rivojlanish rejasi qiziq ko‘rinishi mumkin, lekin men bir narsani tushunmayapman, shu ham bo‘lsa eng muhim hisob-kitoblarni. Yomon gumon deb atayin shunday raqamlar qo‘yishgan demayman, yaxshi gumon qilaman, ya’ni menimcha xato xolos.

Qarang, rejaga ko‘ra, «real YaIMning 2,1 baravarga va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIMning 2030 yilga borib 3 baravarga yoki 2018 yildagi 1533 dollardan, 4538 dollargacha oshirish maqsad sifatida qabul qilinadi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun iqtisodiy o‘sishning o‘rtacha yillik sur’atini kamida 6,4% darajasida ushlab turish kerak.»

Konvert orqasida hisob: agar yalpi YaIM 2.1 barobar o‘sdi deylik, ya’ni bugungi kunda 50.5 milliard dollardan, 2030 yilda 106 milliard dollarga o‘sdi deylik.

Shunda yildan yilga qancha o‘sish bo‘lgan?

Oddiy logarifmik tenglama: 50.5*(1+x)^10= 106.06. Shunda x=0.077, ya’ni har yili kamida 7.7 % o‘sish kerak, qisqa qilib aytsa 6.4 % emas.

Endi agar 6.4 % foiz o‘sish bo‘lsa-chi? YaIM qancha bo‘ladi?

YaIM: 50.5*(1+0.064)^10=93 milliard. Bu degani biz 2.1 barobar emas, 1.8 barobar o‘samiz.

Lekin, 1991 yildan umumiy YaIMni hisoblasak, taxminan 4.7 %ga o‘sib keldik. Bu o‘sishning katta qismi aholi soni o‘sishi deb ham bo‘lgan, ya’ni shu 27 yilda aholi taxminan 50 %ga o‘sgan.

Shuning uchun yildan yilga kishi boshiga qancha o‘sdi desak, hisob kitob quyidagicha:

652*(1+x)^27=1532, shunda x=0.032.

Qisqasi, aholi boshiga biz mustaqillikdan beri o‘rtacha 3.2 %ga o‘sib keldik (bu yerda bitta soddalashtirish qilyapman, lekin ma’no o‘zgarmaydi). Endi, shu nuqtai nazardan 7.7 % ham 6.4 %ga o‘sishni juda qiyin deb o‘ylayman. Balki ehtimoli nolga yaqin.