O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

2022 yil oxirigacha O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati faoliyatining quyidagi ustuvor yo‘nalishlari va samaradorligining muhim ko‘rsatkichlari belgilandi:

a) suv xo‘jaligi vaziri quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:

suv xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini ta'minlash, suv resurslarini boshqarish sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash;

2020-2030 yillarda suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasini o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqish;

2020 yildan boshlab suv xo‘jaligi tashkilotlarining suv yetkazib berish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini suv iste'molchilari tomonidan qoplash mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish;

suv xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar, qarzlar va grantlar jalb qilishni kengaytirish orqali suv xo‘jaligi obektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish xarajatlarining jami hajmidagi budjet mablag‘lari ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish;

suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga faol ko‘maklashish, zamonaviy sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish quvvatlarini xususiy investitsiyalar jalb qilish hisobiga kengaytirish orqali suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda sug‘oriladigan yerlarning ulushini sug‘oriladigan yerlar umumiy maydonining kamida 10 foizigacha yetkazish;

b) vazirning birinchi o‘rinbosari quyidagilar uchun shaxsan javobgardir:

suv xo‘jaligini institutsional, texnik va texnologik rivojlantirish, ushbu sohada fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash;

suv xo‘jaligi obektlaridagi qurilish-montaj ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish hisobiga ularning tannarxi pasaytirilishini ta'minlash;

suv resurslarini boshqarish sohasida bozor mexanizmlarini joriy etish, suv xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish orqali foydalanish xarajatlarini kamida 15 foizga qisqartirish;

suv xo‘jaligi sohasidagi ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatning jadal rivojlantirilishini ta'minlash, suv resurslarini boshqarish sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish hisobiga suv xo‘jaligi sohasidagi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kamida 10 ta ilmiy va innovatsion ishlanmani amaliyotga joriy etish;