Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tartibi belgilandi
11 oktabr kuni o‘z ishini boshlagan Senatning 23-yalpi majlisida «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ma'qullandi. Mazkur qonunda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tartibi belgilangan.
Qonunda ko‘rsatilgan sharhga ko‘ra, ko‘p kvartirali uy – ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasiga yoxud bunday uydagi umumiy foydalaniladigan joylarga mustaqil chiqish yo‘laklariga ega bo‘lgan ikki va undan ortiq kvartiralar majmui hisoblanadi. Ko‘p kvartirali uydagi umumiy joylar, tayanch va to‘siq konstruksiyalar, kvartiralar oralig‘idagi ihotalangan (o‘rama) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yerto‘lalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylarning tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq joyga xizmat ko‘rsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskuna va qurilmalar umumiy mol-mulk sanaladi.
Senator Shuhrat Cho‘lliyevning qayd etishicha, joriy yil 1 oktabr holatiga O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha 34 ming 584ta ko‘p kvartirali uy mavjud. Bu esa ko‘p kvartirali uylar boshqaruvini yuridik asosda tartibga solishni talab etadi.
«Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan tartibga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylar bevosita joylarning mulkdorlari, bitta yoki zich joylashgan bir nechta ko‘p kvartirali uyda turar joylarning va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning mulkdorlarini birlashtiruvchi uy-joy mulkdorlarining shirkati bo‘lgan notijorat tashkilot (shirkat), yuridik shaxs bo‘lgan boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoki jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) bo‘lgan boshqaruvchi tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin», deya senatorning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Qonun moddalariga ko‘ra, joylarning mulkdorlari ko‘p kvartirali uy foydalanishga qabul qilingan kundan e'tiboran uch oy muddatda umumiy yig‘ilishda uyni boshqarish usuli to‘g‘risida qaror qabul qilishi shart. Belgilangan muddatda joylarning mulkdorlari o‘rtasida kelishuvga erishilmasa, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy bo‘linmasi uch oylik muddatda uyni boshqarishni amalga oshiruvchi boshqaruv tashkilotini yoki boshqaruvchini belgilaydi.
Agarda bu muddatda ham joylarning mulkdorlari uyni boshqarish usuli to‘g‘risidagi masalani hal etmasa, Uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy bo‘linmasi uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni yoki boshqaruvchini tanlash bo‘yicha ochiq tanlov o‘tkazadi.
Ko‘p kvartirali uyni boshqarish usuli umumiy yig‘ilishning qarori asosida istalgan vaqtda o‘zgartirilishi mumkin. Umumiy yig‘ilishning boshqaruv usulini tanlash to‘g‘risidagi qarori mazkur ko‘p kvartirali uydagi barcha joylarning mulkdorlari uchun majburiydir.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024