O‘zbekiston | 10:07 / 12.10.2019
19599
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyevning Ozarboyjonga tashrifi haqida rasmiy ma'lumot berildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 14-15 oktabr kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy tilli hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) yettinchi sammitida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etayotgan Vengriya hamda Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlari Turkiy kengash doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan  masalalarni muhokama qiladilar.

Sammitda Turkiy kengashga a'zo davlatlar rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasining to‘la huquqli a'zo sifatida Tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida Qo‘shma bayonoti qabul qilinadi.

Uchrashuv yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.

Prezident Bokuga tashrifi doirasida sammitda ishtirok etadigan delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Bundan oldin, Shavkat Mirziyoyev kelasi hafta Ozarboyjonga safar qilishi xabar berilgandi. 

Mavzuga oid