Bugun, 14 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Adliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda «Tadbirkorlik sub'yektlarini tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni ijrosi yuzasidan ma'lumot berildi.
DSQ raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarovning ma'lum qilishicha, bugungi kunda faoliyat yuritmayotgan 72 mingta korxona bor. Yil boshida ularning soni 90 mingdan ortiq edi. Bu tadbirkorlik sub'yektlaridan 10 mingtasi 10 yildan ortiq vaqt ishlamay turibdi.

Berilgan ma'lumotlarga so‘nggi 20 yilda amalda bo‘lgan tartibga muvofiq, bitta korxonani tugatishga 17ta hujjatni to‘plash, 6ta organ va tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab, bu jarayon uchun kamida 83 kun vaqt talab etilar edi.
Endilikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi «Tadbirkorlik sub'yektlarni tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5739-sonli Farmoni bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub'yektlarini tugatishning soddalashtirilgan ikkita turi joriy etildi.
Xususan, Prezident Farmoniga asosan tadbirkorlik sub'yektlarini tugatishning birinchi turida, 9 oy mobaynida hisob raqamiga pul tushmasa, korxonalar faoliyat ko‘rsatmayotgan statusga o‘tkaziladi.
Undan keyingi qadam, boshqa rivojlangan mamlakatlardagi kabi soliq organining taqdimnomasiga asosan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ faoliyat yuritmayotgan sub'yektlarni uch yil muddatga harakatsiz («spyashchiy rejim») rejimga o‘tkazadi.
Bu muddatda faoliyatini tiklamasa, avtomatik ravishda Yagona davlat reyestridan chiqarilishi belgilab qo‘yildi.
Tugatishning ikkinchi turi – bu tadbirkorlik sub'yektlarini ixtiyoriy tugatish.
Amaldagi tartib bo‘yicha korxonaning tugatuvchisi tomonidan bir yoki bir necha davriy bosma nashrlarda korxonaning tugatilishi to‘g‘risida e'lonlar berishga majbur.
















