Yevro-2020 saralashi doirasida Bolgariya va Angliya terma jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuvda jiddiy mojaro kelib chiqdi. O‘yin davomida mezbon muxlislar angliyaliklarning qora tanli futbolchilariga nisbatan irqchilik ruhidagi xatti-harakatlar sodir etishdi va ikki marta o‘yin to‘xtatildi. O‘yindan keyin matbuotda ikki tomon vakillari o‘rtasida tortishuv boshlanib ketdi. Bolgariya futbol ittifoqi jiddiy muammolar ichida qoldi.

14 oktabr kuni Sofiyadagi «Vasil Levski» stadionida 2020 yilgi Yevropa chempionati saralashi doirasida Angliya va Bolgariya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, o‘yin inglizlarning 6:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

O‘yinning birinchi bo‘limida, mezbonlar darvozasiga ikkinchi gol urilganidan keyin o‘yin bolgariyalik muxlislarning harakatlari sababli ikki marta to‘xtatib qo‘yildi. Fanatlar natsistlarga xos bo‘lgan hayqiriqlarni aytishdi, hushtakbozlik qilishdi, Angliya terma jamoasining qora tanli futbolchilari - Rahim Sterling va Tayron Mingzga (bu uning Angliya terma jamoasidagi debyut o‘yini edi) qarata maymuncha ovoz bilan baqirishdi.

Bu holatdan keyin inglizlar jamoasi bosh murabbiyi Garet Sautgeyt va futbolchilarning o‘zi o‘yin hakami xorvatiyalik Ivan Bebekka murojaat qilishdi.

Shundan keyin ham vaziyat o‘zgarmagach, UYeFA vakiliga murojaat qilindi. O‘yin suxandoni fanatlarga murojaat qilib, agar bu holat davom etsa, o‘yin butunlay to‘xtatilishi haqida ogohlantirdi.

Tanaffus vaqtida Bolgariya terma jamoasi sardori Ivelin Popov tribuna tomonga borib, muxlislardan irqchilik qilmaslikni so‘radi.

Bu orada tribunalarni qora niqob taqqan, «ultras» va «Sofiya xuliganlari» yozuvlari tushirilgan liboslar kiygan 50 chog‘li fanat tark etishdi. Ikkinchi bo‘limda bu kabi jiddiy holatlar kuzatilmadi.

«Oddiy bo‘lmagan vaziyatda to‘p surishga to‘g‘ri keldi, 2019 yilda bunday ishlar bo‘lmasligi kerak», — deya qayd etdi o‘yindan keyin inglizlar hujumchisi Markus Reshford. U shuningdek Popovning ishini e'tirof etgan.