Germaniyada ishlab yurganida Pep Gvardiola shunday degandi: «Sovrinlar so‘nggi sakkiz turda yutiladi, ammo dastlabki sakkiz turda yutqaziladi». Bu mantiqdan kelib chiqsak, Angliya Premer Ligasining sakkiz turidan so‘ng, «Liverpul»dan sakkiz ochko ortda borayotgan «Manchester Siti» sovrinni boy berdimi? O‘rtadagi bu farq haqqoniymi? Nega «Manchester Siti» muvaffaqiyatsizlikka uchradi? Bombardir.ru jurnalistlari shu mavzuga to‘xtalishdi.

Mavsum boshida «Liverpul» kuchli, lekin bu darajada emas.
Darhol xG jadvaliga yuzlanamiz. Bu hisob-kitobning bir turi bo‘lib, jamoalarning yaratgan xavfli vaziyatlari va o‘z darvozasi oldida raqiblarga berilgan imkoniyatlardan kelib chiqib, koeffitsiyentlar hisoblanadi va shu tariqa asl kartinani ko‘rish imkoniyati oshadi.

xG – jamoa yaratgan xavfli vaziyatlar koeffitsiyenti, xGA – raqibga berilgan imkoniyatlar, xPTS – ushbu hisob-kitob bo‘yicha qo‘lga kiritishi kerak bo‘lgan ochkolar soni.
Xullas, bu jadval bo‘yicha, «Manchester Siti» «Liverpul»dan oldinda turibdi. Bo‘lmagan gap, deyishingiz mumkin, lekin bu haqiqat. «Shaharliklar» raqib darvozasi oldida «Liverpul»dan sakkiz birlik ko‘p vaziyat yaratgan, ammo shu bilan birga, himoyada o‘ynash bobida raqibdan yomonroq natija qayd etgan.
Bu ustunlikni izohlash qiyin emas. «Manchester Siti» g‘alaba qozongan o‘yinlarda hujumkorlikni to‘xtatmagan va yanada ko‘proq gol urishga uringan. «Uotford» bilan 8:0, «Vest Hem» bilan 5:0 va «Brayton» bilan 4:0 o‘yinlari bunga misol bo‘lishi mumkin. «Liverpul»da esa, yirik g‘alaba faqat bitta – «Norvich», 4:1.
Alohida e'tibor berish kerakki, aksariyat hollarda «Siti»ning ochko yo‘qotishi o‘yin mantig‘idan kelib chiqmagan. Masalan, «Tottenhem» bilan o‘yinda «Manchester Siti» raqib darvozasiga 30 marta zarba bergan, ulardan 10tasi aniq yo‘naltirilgan. «Tottenhem» esa, ikki zarba berib, ikki gol urgan va o‘yin durang bilan tugagan. «Vulverhempton» bilan uchrashuvda ham jamoa raqibdan ko‘p vaziyat yaratdi, kamida durangga mos o‘yin edi, ammo mag‘lubiyatga uchradi. Faqat «Norvich» bilan o‘yinda hammasi o‘yinga mos edi.
«Liverpul» esa, aksincha, ozgina omadli bo‘lyapti. «Chelsi» bilan o‘yin durangga mos edi, hatto londonliklar ko‘proq vaziyat yaratishgandi, ammo yaxshi realizatsiya yordamida «Liverpul» g‘alaba qozondi. «Sauthempton» bilan o‘yinda ham shunday deyish mumkin. «Sheffild»ga qarshi o‘yinda raqib darvozabonining yagona xatosi golga sabab bo‘lgandi.

















