O‘zbekiston | 12:19 / 17.10.2019
6201
2 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy jazo tizimi majburiy jamoat ishlari jazosi bilan to‘ldiriladi 

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda ma'muriy jazo tizimi majburiy jamoat ishlari jazosi bilan to‘ldiriladi. Bu haqda “Huquqbuzarlikka qarshi kurash hamda xabeas korpus tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida aytilgan.

Hujjatda aytilishicha, o‘tgan davr mobaynida odil sudlovga erishish darajasini oshirish, javobgarlikni liberallashtirish va sud ishlarini yuritishda qulaylik yaratish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohasi kengaytirildi, ishlarni oshkora ko‘rib chiqish tartibi takomillashtirildi, sud jarayoni va qabul qilingan qarorlarni Internet tarmog‘ida ochiq e'lon qilish yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va huquqbuzarlikka qarshi kurash sohasida ilg‘or xorijiy innovatsion tajribalarni o‘zlashtirgan holda raqamlashtirilgan texnologiyalardan keng foydalanish orqali o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish talab etiladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2020 yil 1 martga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga belgilangan tartibda kiritadi:

sudgacha ish yurituv bosqichida protsessual harakatlar o‘tkazish uchun ruxsat olish haqidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish vazifalarini mazkur ish bo‘yicha ayblilikka oid masalani ko‘rish vazifasi yuklatilmagan sudlarga o‘tkazish;

ma'muriy jazo tizimini majburiy jamoat ishlari jazosi bilan to‘ldirish;

agar ma'muriy jarimaga tortilgan shaxs jazo tariqasida tayinlangan jarimani ixtiyoriy ijro etish uchun belgilangan muddatlarda to‘lashdan bo‘yin tovlasa, jarimaning to‘lanmagan miqdorini jazoning og‘irroq turiga almashtirish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid