So‘nggi vaqtlarda auksion orqali yer-mulk sotib olgan fuqarolarning mulklari bilan bog‘liq muammolar tez-tez uchrab turibdi. Ya'ni, ochiq auksion orqali sotib olingan mulklar qaytarib olib qo‘yilmoqda yoki tan olinmayapti.
Kun.uz tahririyatiga 34 nafar fuqaro nomidan murojaat kelib tushdi. Murojaat aynan auksion orqali sotib olingan yer masalasi haqida.
Ma'lum bo‘lishicha, fuqarolar tomonidan ochiq auksion orqali sotib olingan yerga hokim qarori chiqarilgan va tegishli tartibda kadastr hujjatlari berilgan. Biroq fuqarolar sotib olgan yeriga kira olishmayapti.
Holatni o‘rganish maqsadida Toshkent viloyati Toshkent tumani «Darxon» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, shu muammolar girdobida qolib ketgan fuqarolar bilan suhbat qildik.
«Uzoq yillar davomida ijtimoiy himoyaga va uy-joyga muhtoj bo‘lganimiz sababli 2018 yil 10 oktabr kuni «Ko‘chmas mulk savdo xizmati» MChJ tomonidan o‘tkazilgan ochiq auksion savdolari orqali Toshkent tumani, Yunusobod hududi, «Darxon» MFYdagi 24-konturda joylashgan yer maydonidan 0,04 sotixdan iborat yer uchastkasini g‘oliblik bayonnomalariga asosan yutib oldik.

Shunga ko‘ra, har birimiz bilan yutib olgan yer uchun to‘rt tomonlama shartnomalar tuzilib, belgilangan to‘lovlarni 100 foiz amalga oshirdik. Shuningdek, yutib olingan yerlarimiz uchun Toshkent tuman hokimligi tomonidan «yer uchastkasini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratish to‘g‘risida»gi qarorlari chiqdi. Mazkur qarorlarga asosan, «Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risida»gi bizning nomimizga guvohnomalar ham berilib, egalik huquqini oldik.
Ammo Toshkent tumani Yunusobod hududi 24-konturda ochiq auksion savdolari orqali sotib olgan yerlarga, tuman hokimining qarori, yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr xizmatining guvohnomalariga asosan egalik huquqimiz bo‘laturib, ushbu yer uchastkasiga kirishimizga to‘sqinlik qilinmoqda», deydi murojaatchilardan biri Nodirbek Shamsuddinov.
Bu yerga yig‘ilgan fuqarolarning barchasida shu muammo. Ular auksion orqali sotib olgan yeriga egalik qila olmay, bir necha yildan buyon sarson bo‘lishmoqda.



















