Terma jamoalarning navbatdagi yig‘inlari, qiziqarli uchrashuvlaridan so‘ng, yana odatdagi klublar futboliga qaytyapmiz. Deyarli har kuni bizni televizor qarshisiga chorlaydigan futbol o‘n kunligini quyidagi qiziqarli uchrashuvlar ochib beradi.

LATsIO - ATALANTA (19 oktabr, 18:00)

So‘nggi yillarda ancha barqaror qatnashib, turnir jadvalida yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan bu ikki jamoa bellashuvi ham qiziqish uyg‘otishi tabiiy. «Atalanta» nihoyat, yulduzlarni yetishtirib beruvchi maqomidan voz kechib, ancha kuchli va raqobatbardosh jamoaga aylandi va hatto Chempionlar Ligasida qatnashmoqda. To‘g‘ri, u yerda ishlar durust emas, ikki frontda kurashish bergamoliklarga og‘irlik qilmoqda, lekin A Seriyada Gasperini shogirdlari hali ham eng hujumkor o‘yinni namoyish etmoqda.

«Atalanta» ligada eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘lib turibdi, turnir jadvalida ham faqat «Inter» va «Yuventus»dan ortda bormoqda, xolos. Lekin bu shuningdek, hozircha «Atalanta»ga kuchli raqiblar ro‘baru kelmayotganini ham e'tiborga olish kerak. Top-raqiblardan faqat «Roma» mag‘lub etildi. Aynan oktyabrning oxiri bergamoliklar uchun sinov bo‘ladi. «Latsio»dan tashqari, uch kun o‘tib, «Manchester Siti» mehmoni bo‘lish kerak. Oyning so‘nggi kunlarida esa, «Napoli» maydoniga safar ham kutib turibdi. Aynan mana shu o‘yinlar «Atalanta»ning ushbu mavsumdagi maqsadlarini belgilab bersa ajab emas.

«Latsio» esa, doimgidek, o‘zining barqaror rejimida odimlashda davom etmoqda. Kuchli raqiblar bilan o‘yinda mag‘lubiyatlar, ammo turnir jadvalining quyi qismidagi jamoalarga qarshi uchrashuvlarda imkon qadar yuz foizlik natijalar «Latsio» doim yuqori o‘rinlarda yurishiga imkon bermoqda. Bu mavsumda ham Rim derbisida durang qayd etildi, «Inter»dan mag‘lubiyatga uchraldi, lekin boshqa o‘yinlarda ishonchli g‘alabalar bor. Rimliklar oltinchi pog‘onada borishyapti va yetakchilardan u qadar katta farq bilan ortda qolib ketishgani yo‘q.

Yo‘qotishlar borasida mehmonlarning holati yomonroq. O‘tgan mavsum jamoa to‘purari, bu yil ham 7 o‘yinda 6 gol urib, ikki marta raqiblariga golli uzatmani amalga oshirgan kolumbiyalik hujumchi Duan Sapata jarohatlangan va shu oyning oxirigacha «Atalanta»ga yordam bera olmaydi. Aleksandro Gomes va Yosip Ilichich tashabbusni o‘z qo‘liga olishiga to‘g‘ri keladi. Mezbonlardan esa Rikardo Kishna safdan chiqqan. Shuningdek, «Bolonya»ga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgan Lukas Leyvada diskvalifikatsiya bor.

A Seriya doirasidagi so‘nggi to‘rt o‘yinda «Latsio» g‘alaba qozona olgani yo‘q, ammo so‘nggi o‘zaro o‘yinni alohida tilga olish lozim. Bu jamoalar o‘tgan mavsumda mamlakat kubogi finalida to‘qnash kelgandi va uchrashuv 2:0 hisobida «Latsio»ning g‘alabasi bilan yakunlangan.