
Uning Tramp ma'muriyatiga tanqidi katta siyosiy ahamiyatga ega hisoblanadi / EPA
U yaqindagina Turkiya va Suriyadagi vaziyatni AQSh uchun «strategik ajoyiblik» deb atagan Trampning so‘zlariga shu tariqa ohangdoshlik bilan munosabat bildirgan.
«Chegaradagi muammo ularniki. Bu bizning chegara emas va biz buning uchun amerikaliklar hayoti bilan to‘lov qilmasligimiz kerak», degandi Tramp chorshanba kuni Oq uydagi matbuot anjumanida.
9 oktabr kuni amerikalik harbiylar Suriya shimolidagi hududdan ketishi munosabati bilan Turkiya armiyasi «xavfsiz hudud» barpo etish maqsadida Suriya hududiga kirgandi. Anqaraning maqsadi - Turkiyaga dushman deb hisoblanuvchi suriyalik kurdlarni o‘z chegaralaridan uzoqroqqa surib tashlash va bu hududga Turkiyada yashab kelayotgan millionlab suriyalik qochqinlarni joylashtirish.
O‘tgan haftada AQSh vositachiligida Turkiya 5 kunga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga rozi bo‘ldi, ammo tomonlar bir-birini kelishuvga amal qilmaslikda ayblashdi. Mustaqil manbalarning xabarlariga ko‘ra, kelishuv haqidagi xabarlardan keyin ham hududda harbiy to‘qnashuvlar davom etmoqda.
Xalqaro gumanitar tashkilotlarning prognozlariga ko‘ra, Turkiya «Tinchlik bulog‘i» nomli amaliyotini boshlaganidan buyon yuzdan ortiq kishi halok bo‘ldi, 300 mingga yaqin kishi o‘z boshpanalarini tashlab, Suriyaning markaziy hududlariga ko‘chishga majbur bo‘ldi.
Kurdlar etnik tozalash qurboniga aylanishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ham bor. Bundan tashqari, ayrim tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Turkiya Suriyada kimyoviy qurol ishlatgan, bu esa harbiy jinoyat hisoblanadi.
Makkonell nimalar dedi?

Mitch Makkonellning fikricha, Trampning AQSh harbiylarini Suriya shimolidan olib chiqish qarori strategik xato bo‘lgan.
«Turkiya-kurd qarama-qarshiligi kuchaygan vaqtda amerikalik harbiylar Suriya hududidan olib chiqilishi — strategik nuqtayi nazardan tungi dahshatning o‘zginasi», — deya yozgan senator Washington Post nashridagi kolonkasida.










