«Internet imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish kerak» - Prezident o‘zbek tili targ‘iboti haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda o‘zbek tili targ‘ibotida internet imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi haqida gapirdi.
«Ayni paytda aholi, ayniqsa, yoshlarimiz turli ma'lumotlarni asosan Internet va ijtimoiy tarmoqlardan olmoqda. Binobarin, ona tilimizni jozibali va qiziqarli tarzda taqdim etish, buning uchun o‘zbek tilining kompyuter dasturlarini, onlayn darsliklar, elektron lug‘atlarni yaratish kerak. Internet imkoniyatlaridan to‘liq foydalanib, o‘zbek tilini keng targ‘ib etish bo‘yicha ishlarimizni kuchaytirishimiz lozim.
Davlat tili masalasi milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lishi zarur. Yosh avlod qalbiga ona tilimizni bolalikdan singdirish maqsadida ta'limning barcha bosqichlarida o‘zbek tilini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida mukammal o‘rgatishga alohida e'tibor qaratishimiz lozim. Toki, bolalarimiz o‘zbek tilida ravon o‘qiydigan, ravon yozadigan va teran fikrlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin», degan prezident.
Prezident davlat tiliga bo‘lgan e'tiborni mustaqillikka bo‘lgan e'tibor deb bilish kerakligini ta'kidlagan.
«Biz xalqimizning taqdiri, ertangi kuni haqida o‘ylar ekanmiz, eng avvalo, millatimizning asl fazilatlarini, go‘zal urf-odatlarimiz, betakror san'atimiz va adabiyotimizni, ona tilimizni ko‘z qorachig‘iday saqlashimiz zarur.
Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e'tiborni mustaqillikka bo‘lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim.
Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak», degan davlat rahbari o‘z nutqida.
Mavzuga oid
23:08 / 25.11.2024
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi lavozimiga saylandi
21:10 / 25.11.2024
Aholiga birlamchi zarur bo‘lgan 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari hisob-kitobi yuritiladi
19:34 / 25.11.2024
Shavkat Mirziyoyevga avtomobil sanoatidagi rejalar haqida axborot berildi
12:19 / 25.11.2024