O‘zbekiston | 00:14 / 22.10.2019
10923
4 daqiqa o‘qiladi

«Mustaqillik sari qo‘yilgan dadil qadam» - Prezident davlat tili haqidagi qonun qabul qilingan kunni esladi

Prezident o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda o‘zbek tili dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri ekani, xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatligini ta'kidlagan.

«Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta'sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.

Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar», degan prezident.

Shavkat Mirziyoyev o‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta uringani, ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani haqida eslab o‘tgan. 

«Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovlarda ham o‘z ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yo‘lda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini – milliy g‘ururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi», deydi davlat rahbari.

Prezident bugungi kunda mamlakat aholisi borada ma'naviy jasorat va fidoyilik ko‘rsatgan buyuk arboblar, adib va olimlar, ulamolar, ulug‘ san'atkorlarning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etishi haqida aytib o‘tgan.

«Ushbu qutlug‘ ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989 yil 21 oktabr sanasini – «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz o‘rinlidir. Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan edi. Qonun loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan edi. Uning atrofida qanday qizg‘in bahs va tortishuvlar bo‘lib o‘tganini, o‘ylaymanki, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz juda yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham o‘shanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi bo‘lganman

Bu muhim hujjatning qabul qilinishida fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qat'iy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning siyosiy irodasi katta o‘rin tutdi.

O‘zbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi», deydi prezident.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid