A guruhi
«Real» uchun «jahannam» yo‘li

«Galatasaroy» — «Real»
22 oktabr. Istanbul. «Turk Telekom» stadioni. 23.55
Yo‘qotishlar
«Galatasaroy»: Oqbobo (jarohat), Lemina, Falkao, Feguli (barchasi — so‘roq ostida)
«Real»: Asensio, Beyl, Lukas Vaskes, Modrich, Nacho (barchasida jarohat), Kroos (so‘roq ostida)
Hakam: Orsato (Italiya).

«Bryugge» — «PSJ»
22 oktabr. Bryugge. «Yan Breydel» stadioni. 23.55 
Yo‘qotishlar
«Bryugge»: Former (diskval.), Balanta, Tau (ikkisi — jarohat.), Rikka (so‘roq ostida)
«PSJ»: Guy, Draksler, Kerer, Neymar (barchasi — jarohat), Dagba, Tiagu Silva (ikkisi — so‘roq ostida)
Hakam: Zibert (Germaniya).

O‘tgan haftaning shanba kuniga qadar «Real» Ispaniya chempionatida muntazam ravishda turnir jadvalini boshqarib kelayotgandi va ko‘pchilik madridliklardagi inqiroz haqida gapirish o‘rinsiz degan fikrda edi. «Qirollik klubi» yorqin o‘yin ko‘rsata olmayotgan bo‘lsada, jimgina ochkolarini jamg‘arib kelayotgani uchun xavotirlarga o‘rin yo‘qdek edi. Ammo shanba kuni «Real» turnir jadvali autsayderi, joriy mavsumda Segundadan yuqori ligaga ko‘tarilgan «Malorka»ga yutqazdi (0:1), «Barselona» esa shu kechada «Eybar»ni yirik hisobda yengdi (3:0), natijada birinchi o‘rin boy berildi, endi madridliklarning ahvoli xavotirli ekani ko‘rinib qoldi.

Chempionlar ligasida Zinedin Zidan jamoasining ahvoli shunchaki juda yomon. Startda «PSJ»dan uchralgan yirik mag‘lubiyatdan keyin «Real» o‘z uyida Belgiyaning «Bryugge» klubiga qarshi bazo‘r durang o‘ynadi (0:2 hisobi ikkinchi bo‘limda 2:2 ko‘rinishiga keltirilgandi), seshanba oqshomida esa madridliklar Istanbulda mehmon bo‘lishadi. O‘tgan asrda mehmonlarni «Do‘zaxga xush kelibsiz» (Welcome to hell) yozuvi bilan kutib oladigan «Ali Sami Yen» stadionida rekonstruksiya ishlari o‘tkazilgach, bu yozuvlar yo‘q bo‘lgan va stadion nomi «Turk Telekom»ga o‘zgargan. Lekin turk ishqibozlari o‘sha-o‘sha.