Jahon | 07:35 / 23.10.2019
8302
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Suriyada kurdlar bilan ishlashni davom ettiradi

Foto: AP Photo/Maya Alleruzzo

AQSh qurolli kuchlari “Suriya demokratik kuchlari” (SDK) koalitsiyasi bilan ishlashni davom ettirmoqchi. Bu haqda AQShning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Jyeyms Jyeffri ma'lum qildi. 

“Suriya shimolida SDK bilan ishlashni davom ettirmoqchimiz. Bizning reja shundan iborat. SDK yetakchisi - qo‘mondon Mazlum biz bilan ishlashni davom ettirish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi”, deb aytgan Jyeffri AQSh kongressi senatining tashqi ishlar qo‘mitasidagi yig‘ilishda. AQSh davlat departamenti vakili SDK tarkibiga kiruvchi kurd tuzilmalari qo‘mondoni Mazlum Kobanini nazarda tutgan.

Jyeffrining kirish nutqi matnida AQSh ma'muriyati Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotini qat'iyan qoralashi tasdiqlangan. “Turkiya bu amaliyotni e'tirozlarimizga qaramay, IShIDga qarshi kampaniyaga futur yetkazib, tinch aholi va mintaqadagi xavfsizlikka tahdid qilib, fuqarolik infratuzilmasini yo‘q qilgan holda boshladi. Turkiyaning harbiy harakatlari gumanitar inqirozga olib keldi va harbiy jinoyatlar sodir etish uchun sharoitlar yaratdi”, deb aytgan Jyeffri.

Mavzuga oid

E`lonlar