O‘zbekiston katta siyosiy jarayon - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi arafasida turibdi. Shu munosabat bilan Kun.uz mazkur jarayonning borishi hamda partiyalar faoliyati borasida batafsil fikrlashish maqsadida O‘zbekistondagi mavjud beshta siyosiy partiyalar rahbarlari bilan suhbatlar tashkil etmoqda. Navbatdagi suhbatdoshimiz Xalq demokratik partiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov.

— Nemis siyosatshunosi Klaus fon Beyme siyosiy partiyalarning ustuvor funksiyalari sifatida – o‘z maqsadini aniqlash, mafkurasini ishlab chiqish, harakat dasturi va yo‘nalishini belgilash, jamoatchilik manfaatlarini birlashtirish, mamlakat boshqaruv elitasi va hukumat tarkibini shakllantirish ekanligini aytgan edi.
Ulug‘bek aka, bugun tan olish kerak, xalqning ishonchiga erisha olmayotgan siyosiy partiyalar tizimida yuqoridagi funksiyalardan qaysi biri yoki qaysilari ishlamayapti?

— Har qanday partiya deputatlik korpusini shakllantirish jarayonida albatta, ko‘proq o‘rinlarni egallashni maqsad qiladi.
Ammo bizda deputatlar saylanib bo‘lgandan keyin ularga partiyaning ta'siri susayib boradi. Ya'ni, birinchi bosqichda nomzodlar saylanguniga qadar juda faol bo‘ladi, partiya bilan hamfikr ishlaydi. Ammo saylovlar o‘tgandan keyin bu bog‘liqlik biroz uziladi. Buning sababi – parlament qo‘mitalarga bo‘linadi, kengashlar bor, spiker bor. Bunda deputatlar mana shu qo‘mitalar, kengashlar va spiker ta'siriga tushib qoladi. Partiyaga va u yerdagi vazifalarga esa ikkinchi darajada qaray boshlaydi.

Bunday holatni viloyat va tuman kengashlarida ham kuzatish mumkin. Ular jamoatchilik asosida ishlaydi va mana shu vazifalar sabab, partiya kengashi bilan aloqalari tezda uzilib qoladi.

Partiya faoliyati sustligiga aynan mana shu jarayonni sabab sifatida ko‘rsatgan bo‘lardim.

— G‘arb mamlakatlaridan farqli o‘laroq O‘zbekistondagi saylov jarayonida siyosiy mafkuradan ko‘ra shaxsning o‘rni hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Saylovchilarni birinchi navbatda nomzodning kimligi, ijtimoiy hayotdagi mavqeyi qiziqtiradi. Sizningcha, bu sharqqa xos mentalitetmi yoki partiyalarda g‘oyalarning kuchsizligimi?