Kecha «Lester»ning safardagi raqib darvozasiga javobsiz to‘qqiz gol urishi bilan navbatdagi uikend ham boshlandi. E'tiboringizga shanba-yakshanba kunlarini futbol tomosha qilish bilan o‘tkazmoqchi bo‘lganlar uchun qo‘llanmani taqdim qilamiz.

ShALKe - BORUSSIYa D (26 oktabr, 18:30)

Bundesliga deganda, asosan, «Bavariya»ning gegemonligi va ba'zida unga qarshilik qiluvchi jamoalar tushuniladi. Ammo u yerda ham o‘ziga xos tarixiy to‘qnashuvlar borki, Germaniya bunday o‘yinlarni e'tiborsiz qoldirmaydi. Shunday o‘yinlardan biri Rur derbisidir. Salkam yuz yillik tarixga ega bo‘lgan bu derbining qahramonlari esa, Gilzenkirxenning «Shalke» va Dortmundning «Borussiya» klublaridir.

Bugun Germaniya chempionati shu qadar qiziqarli kechmoqdaki, jadvalning yuqori qismidagi jamoalar ishtirokidagi har qanday uchrashuv turnir jadvalida peshqadamni aniqlab berishi mumkin. Tasavvur qiling, 9-o‘rinda «Bayyer» va 1-o‘rinda borayotgan Menxengladbaxning «Borussiya» klublari o‘rtasidagi farq atigi 2 ochkoni tashkil qilmoqda, xolos. Rur derbisi ishtirokchilari ham mana shu o‘rtada joylashgan - «Shalke»da xuddi «Bayyer»da bo‘lgani kabi 14 ochko bo‘lsa, dortmundliklar 15 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinni band etgan.

«Shalke» turnir jadvalida yuqori o‘rinlarga da'vogarlik qilayotgan bo‘lsa-da, oktabr oyini yomon o‘tkazdi va ikki o‘yinda atigi 1 ochko oldi, xolos. Sentyabrda esa, jamoa uch o‘yinni g‘alaba bilan yakunlab, jami raqiblar darvozasini 10 marta aniq ishg‘ol qilgandi. «Borussiya» Bundesligada avgust oyidan beri mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsa-da, juda ko‘p o‘yinlarni durang bilan yakunlayapti. So‘nggi 4 o‘yinning 3tasida bir xil - 2:2 hisobi qayd etilgan. Achinarlisi, bu o‘yinlarning barchasida «Borussiya» hisobda oldinda borgan ham edi. Bu pallada tabiiyki, aynan ikki yil oldingi Rur derbisi esga tushadi. O‘shanda dortmundliklar birinchi bo‘limni 4:0 hisobida o‘z foydalariga hal qilishgan, lekin tanaffusdan keyin, mehmonlar 4 gol urib, hisobni tenglashtirishgandi. Bu o‘yin derbi tarixidagi eng ko‘p gol urilgan durang hisoblanadi. O‘tgan mavsumdagi har ikki uchrashuvda mehmon bo‘lgan jamoa g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgandi.

Tarkiblarga kelsak, har ikki jamoada jarohatlanganlar deyarli yo‘q, faqat «Shalke»dan Nobil Bentalebni tilga olsak bo‘ladi. Lekin, Favr shogirdlari hafta o‘rtasida «Inter»ga qarshi safar uchrashuvida maydonga tushgani uchun, balki sport formasi tarafidan «Shalke»ning imkoniyati yaxshiroq ko‘rinishi mumkin.