Mingbuloq tumanidagi ta'mirga muhtoj ko‘priklar haqida Kun.uz`da e'lon qilingan maqola yuzasidan Namangan viloyati hokimligi rasmiy izoh berdi.

Izohda aytilishicha, maqolada ko‘tarilgan masala yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan va quyidagilar aniqlangan.

«Mingbuloq tumani, «Uyurchi-Damko‘l» MFY, Jiyda qishlog‘idagi umumiy foydalanishdagi mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan, 1960 yillarda qurilgan, «Oxunboboyev» kanali ustidan o‘tgan temir-beton ko‘prikning uzunligi 42 metr, eni 7,6 metrni tashkil etadi. Ko‘prik egasiz, sobiq ittifoq davrida kolxoz balansida bo‘lgan. Ko‘prikning qatnov qismi yaroqli holatda. Ko‘prikning chegaralovchi panjara qismi buzilib ketgan, qolgan qismi noma'lum shaxslar yoki korxona tomonidan ta'mirlash bahonasida 8-10 yillar oldin kesib ketilgan, oqibatda ko‘prikning ikki yon tomoni ochiq holatda. Qishloq aholisining kanalga tushib ketish xavfi mavjud. Yuk ko‘tarish qobiliyati hozirgi kundagi transport oqimi va yuklar og‘irligiga hisob-kitob qilinmagan.

O‘rganish yakuniga ko‘ra, ko‘prikning ta'mirlash ishlari nuqson dalolatnomasi tuzildi va ta'mirlash uchun birlamchi smeta tayyorlandi. Smetaga asosan, ko‘prikni ta'mirlash uchun 110,8 mln. so‘m mablag‘ talab etiladi. Ushbu ishlarni Mingbuloq tumani mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejaga kiritildi. Egasiz ko‘prik ta'mirlangandan so‘ng tuman Obodonlashtirish korxonasi balansiga qabul qilinishi kerakligi belgilab berildi.

Mingbuloq tumani, Mehnatobod qishlog‘idagi umumiy foydalanishdagi mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan 4N-447 «Uyirchi q.-Qirqchek q.-Qolgandaryo q.» avtomobil yo‘lining 3+400 km.da joylashgan, 1960 yilda qurilgan, «Oxunboboyev» kanali ustidan o‘tgan temir-beton ko‘prikning uzunligi 27,8 metr, eni 7,6 metrni tashkil etadi. Metall sarroblar ustiga ko‘ndalang holatda yaxlit temir beton plitalar o‘rnatilgan, bu plitalar uzoq yillar tashqi ta'sir va og‘ir yuk transportlarini o‘tishi natijasida yemirilgan va yaroqsiz holga kelgan. Yuk ko‘tarish qobiliyati hozirgi kundagi transport oqimi va yuklar og‘irligiga xisob-kitob qilinmagan.