1. Nyu-York

Nyu-Yorkda xavfsizlikka katta e'tibor qaratiladi. Butun shahar kuzatuv kameralari va o‘q ovozi eshitilishi zahoti politsiyaga ishora yuboruvchi mikrofonlar bilan ta'minlangan. Shuningdek, bu yerda texnikaning muayyan sohasida yangilik ishlab chiquvchi oddiy mutaxassislar foydalanishi mumkin bo‘lgan yagona ochiq ma'lumotlar tizimi mavjud. Masalan, uning asosida HunchLab startapi jinoyatdan xabardor qilish uchun vosita yaratgan. Tizim qaysi hududda va qaysi vaqtda xavfli vaziyat yuzaga kelishi mumkinligini aniqlaydi.

2014 yilda Nyu-Yorkda hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan Wi‑Fi taqdim etildi. Maxsus LinkNYC terminallari router vazifasini bajaradi. Uning yordamida internet tarmog‘iga ulanish, shuningdek, smartfonni quvvatlantirish yoki o‘rnatilgan displeylarda xaritani ko‘rish mumkin.

LinkNYC terminali / crainsnewyork.com

Shahar elektr tarmog‘ini tejaydi: avtomatlashtirilgan tizimlar ko‘chalardagi yuklamani o‘rganadi va olingan ma'lumotlar asosida yoritish darajasini boshqaradi. Shunga o‘xshash Midtown In Motion tizimi tig‘iz vaqtlardagi yo‘ldagi svetoforlarni moslashtirish  uchun tirbandliklar haqidagi axborotlardan foydalanadi.

Nyu-Yorkning chiqindi qutilari ham texnologik. Ular BigBelly deb ataladi va quti to‘lgani haqidagi ishorani kommunal xizmatga yuboruvchi datchiklarga ega.

Aqlli urnalar / bigbelly.com

Shahar nafaqat texnologiyalar, balki ijtimoiy dasturlar yordamida ham rivoj topib bormoqda. Masalan ulardan biri — Home-stat — uysizlarni ishga joylashtirishga yo‘naltirilgan. Daydi insonni ko‘rgan har bir aholi vakili ijtimoiy xizmat xodimlarini chaqirishi mumkin. Ular ushbu boshpanasiz odamga mos keluvchi ish o‘rni va boshpana topishga harakat qilishadi.

2. London

Londonning asosiy muammolaridan biri avtomobillar ko‘pligidir. Shahar bu muammoni jamoat transportiga investitsiyalar, kunduzgi vaqtda avtoulov harakatlangani uchun qo‘shimcha soliq va texnologiyalar yordamida bartaraf etmoqda. Texnologiyalar qatoriga haydovchiga bo‘sh joy haqida ilova orqali xabar beruvchi aqlli avtomobil to‘xtash joylari va yo‘lning yuklanganlik darajasidan kelib chiqib nisbatan qulayroq transport vositasini maslahat beruvchi navigator dasturini kiritish mumkin.