“Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi Qonun e'lon qilindi. U olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
Norma’ning yozishicha, hujjat bilan bolalar oziq-ovqat mahsulotlari va ularni ishlab chiqaruvchilarga nisbatan bir qator talablar va cheklovlar joriy etilmoqda.
Birinchidan, reklamada quyidagilarni inobatga olish lozim:
• ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanadi;
• ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar to‘g‘risidagi har qanday axborot ona sutining, shuningdek go‘dakni 6 oygacha oziqlantirishda boshqa taomdan yoki ichimlikdan, shu jumladan suvdan foydalanmasdan faqat ona suti bilan oziqlantirishning foydasi va afzalligi to‘g‘risidagi ko‘rsatmani o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak;
• bola hayotining birinchi yili mobaynida uning ratsioniga kiritilgan qo‘shimcha ovqat mahsulotlari reklamasida bunday mahsulotlar qo‘llanilishining yoshga doir cheklovlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar hamda mutaxassislarning maslahati zarurligi haqidagi ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, go‘daklar (1 yoshgacha) va kichik yoshdagi bolalar (1 dan 3 yoshgacha) oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilarga quyidagilar taqiqlanadi:
• ko‘rsatilgan ovqatlanishga doir ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishni Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishmagan holda amalga oshirish;
• tibbiyot xodimlariga ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan bog‘liq bo‘lgan reklama tusidagi materiallar taqdim etish (bundan ilmiy axborot mustasno);
• ona suti o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning nomidan foydalangan holda tovarlarni (tibbiyot xalatlarini, futbolkalarni, bosh kiyimlarini, kanselyariya ashyolarini va boshqalarni) tekin asosda tarqatishga;
• ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar to‘g‘risidagi reklama mahsulotini onalar va ularning oila a'zolari o‘rtasida tarqatishga;
• homilador ayollarga, go‘daklar va kichik yoshdagi bolalarning onalariga hamda ularning oila a'zolariga ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni qo‘llashga yoki idishchalardan oziqlantirishga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni, shuningdek buyumlar yoki ashyolar tarzidagi biror-bir sovg‘ani berishga. Istisno - ona suti bilan oziqlantirishga tibbiy jihatdan mutlaq moneliklar mavjud bo‘lgan hollar;

















