Bitiruvchilarining birontasi ham oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirmagan maktab rahbariyati faoliyatiga tanqidiy baho beriladi. Bu haqda xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov ma'lum qildi.

Shuningdek, vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu maktablar keyingi yil birinchi bo‘lib attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tadi.

Bildirilishicha, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidagi umumiy 61 ta maktabdan davlat granti asosida 61 nafar o‘quvchi OTMga kirgan bo‘lsa, birgina 15-maktabning 25 nafar bitiruvchisi shular jumlasidan.

61 ta maktabdan 8 tasida bitiruvchilarining birontasi OTMga kirmagan. Ushbu tumandagi 15-maktab va bu 8 ta maktab davlatdan bir xil mablag‘ oladi. Lekin 15-maktabda 25 nafar bitiruvchi davlat granti asosida, umumiy esa 138 nafardan 38 nafar bitiruvchi OTMga kirgan. Tumandan umumiy 225 nafar kirgan OTMga.

«Bironta ham bitiruvchisi OTMga kirmagan maktablarning rahbariyati va pedagogik jamoasi esa o‘z vijdonlari oldida o‘zlariga savol berishlari kerak - qanchalik ularga yuklatilgan vazifalarni insof bilan bajarayotganlari haqida.

Tumandagi ahvol, bolalarning oilaviy sharoiti, umumiy respublikadagi boshqa muammolar yuqoridagi maktablarga deyarli bir xil ta'sir ko‘rsatadi, ammo bittasi shunday yaxshi natija ko‘rsatmoqda, sakkiztasi esa umuman natija ko‘rsatmagan», - deydi Shermatov.

Respublikaning boshqa hududlaridan bitiruvchilarining barchasi (100 foiz) OTMga kirgan maktablar ham talaygina, lekin bironta bitiruvchisi OTMga kirmaganlari undan ancha ko‘p.

«Shuning uchun aynan ushbu masalani vazirlik hay'ati yig‘ilishida muhokama qilib, qaysi maktabdan bironta ham bitiruvchisi OTMga kirmagan bo‘lsa, ularning rahbarlari faoliyatiga tanqidiy baho berish va kelgusi yilga Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan rejalashtirilayotgan yangi tartibdagi attestatsiya va akkreditatsiyani aynan o‘sha maktablarda o‘tkazib, ularning ta'lim sifatini oshirishga harakat qilish zarurligi belgilab berildi.

Kelgusi yilda umuman bitiruvchilari OTMlarga kirmagan maktablar qolmasligi chorasini ko‘rish bo‘yicha tuman bo‘limlari va viloyat boshqarmalariga ham vazifa sifatida belgilab berildi.