Bugun poytaxtimizdagi “International hotel Tashkent” mehmonxonasining muhtasham Amir Temur zalida Xalq demokratik partiyasining qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Partiya Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zolari, Qoraqalpog‘iston Respublika, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlaridan ko‘rsatilgan delegatlar, partiyaning respublika miqyosidagi faollari, xayrixohlari hamda OAV vakillari qatnashgan ishtirok etgan qurultoyda partiyaning bu yilgi saylovda ishtiroki bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama etildi.
Qurultoyda dastlab O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining 2015-2019 yillardagi faoliyati yuzasidan tayyorlangan hisobotlari qurultoyda atroflicha muhokama etildi.
Hisobot davrida ustuvor dasturiy maqsad-vazifalardan kelib chiqib, partiya fraksiyasi a'zolari 500 dan ortiq qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda faol ishtirok etgan. Shuningdek, partiya fraksiyasining tashabbusi bilan Hukumat vakillarining 50 dan ortiq hisobot va axborotlari eshitilgan.



Partiya fraksiyasi a'zolari mamlakatimizning barcha hududlarida saylovchilar bilan 10 mingdan ortiq uchrashuv o‘tkazgan, ularda 800 mingdan ortiq aholi vakillari bilan muloqot olib borilgan. Jarayonda aholini o‘ylantirayotgan 50 mingdan ortiq masala aniqlanib, ularning 45 mingdan ortig‘i vakolatli organlar yordamida ijobiy hal etilgan. 5 mingga yaqin murojaatning yechimi bo‘yicha mutasaddi idoralar va partiya tashkilotlari bilan birgalikda ish olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan hisobot davrida jami 3 243 ta masala va muammo o‘rganilgan. Shundan 2 266 ta masala doimiy komissiyalarga, 1 407 ta masala sessiyalarga olib chiqilib, ijro hokimiyati idoralariga oldiga aniq vazifalar belgilanishiga erishilgan.
Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 22 531 ta masala bo‘yicha deputatlik so‘rovlari yuborilib, 17 675 ta masala ijobiy hal etilgan.






















