Davlat statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Agzam Ikramovning ma'lum qilishicha, ayni paytda konsepsiyaga muvofiq mazkur jarayonga belgilangan reja asosida tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

«O‘zbekiston hududida so‘nggi marta aholini ro‘yxatga olish bundan 30 yil avval, 1989 yilda o‘tkazilgan. Mustaqillik yillarida aholini ro‘yxatga olish amalga oshirilmagan. 2019 yil 5 fevralda Prezident farmoni qabul qilinib, farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasi va kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Ayni paytda konsepsiyaga muvofiq mazkur jarayonga belgilangan reja asosida tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, ishlarni tizimli olib borish maqsadida qo‘mitamiz tarkibida aholini hisobga olish bo‘yicha bo‘linma ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan», deya Agzam Ikramovning so‘zlarini keltirmoqda muxbiri.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Uning qo‘shimcha qilishicha, qo‘mita tomonidan «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan. Jamoatchilik bildirilgan taklif va fikrlar asosida loyiha qayta ishlanib, hukumatga taqdim etilgan. Aholini ro‘yxatga olish jarayoni bilan bog‘liq barcha masalalar o‘z aksini topgan mazkur hujjat ayni paytda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Tadbirda ta'kidlanishicha, BMT tavsiyasiga ko‘ra aholini ro‘yxatga olish har 10 yilda bir marta o‘tkazilishi kerak. Ayrim davlatlarda, masalan, Kanada va Janubiy Koreyada aholi har besh yilda ro‘yxatga olinadi. 

Aholini ro‘yxatga olish O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumot darajasi, uy-joy bilan ta'minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma'lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi. Bu mamlakatdagi barcha shaxslarga taalluqli demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma'lumotni to‘plash, birlashtirish, baholash, tahlil qilish imkonini beradi.

Matbuot anjumanida mutasaddilar ro‘yxatga olish ishlariga kimlar jalb etilishi, ularning mehnatiga haq to‘lash masalalariga ham to‘xtalib o‘tishdi.