Respublika mahallalar kengashi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi,“Nuroniy” jamg‘armasi va “Oila” markazi faollari fuqarolarga murojaat bilan chiqishdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari komil ishonch bilan katta yo‘lga chiqdi. Mamlakatning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan islohotlar har birimizning farovonlikda, hayotdan rozi bo‘lib yashashimizga qaratilgan. Shu sababli ham oramizda islohotlarning faol ishtirokchilari ko‘payib bormoqda.
«Biroq buning o‘zi yetarli emas. Har birimiz o‘zimizga savol beraylik: bizning mana shu shiddatli o‘zgarishlarga daxldorligimiz qanday? Bu ulkan bunyodkorlik, yaratuvchanlik harakatida o‘z o‘rnimizni topa oldikmi? Shukronalik ila bu ishlarga munosib hissamizni qo‘sha olyapmizmi?
Nega ayrim oilalarda mehr-oqibat, hamjihatlik yo‘qolib, o‘zaro munosabatlarga manfaat, tama qo‘shilayotir? Nega o‘z bolasining tarbiyasiga loqayd ota-onalar ko‘payib borayotganiga indamay qarab turibmiz?! Axir Vatan kelajagi – farzandlar tarbiyasi, kamoliga bog‘liq emasmi?
Bizda azaldan ota adolatli fikri, haq so‘zi, ibrati bilan oilaning ustuni, vijdoni bo‘lib kelgan. Bejiz xalqimiz “Ota rozi – xudo rozi” demagan. Bugun ayrim oilalarda ana shunday otalar o‘rni, hikmati sezilmayapti. Oilaviy munosabatlarda ma'naviy-axloqiy muvozanatning buzilayotgani, oilaviy ajralishlar, jinoyatlar, mulkiy mojarolar ko‘payib borayotgani hammamizni tashvishlantiradi.
Er xotiniga, xotin eriga qasd qilishi bilan bog‘liq holatlarga nega befarq qarab turibmiz? Farzand ota-onasi, aka-ukasiga qo‘l ko‘tarishi biz uchun nomus va uyat emasmi?! Bu holatdan unday oilalarning yetti pushtiga tavqi-la'nat kelmaydimi? O‘z bolasini sotmoqchi bo‘lgan ayrim nomunosib ayollar Ona degan buyuk nom, buyuk mehr va qadriyatni oyoq osti qilmayaptimi? Eng yomoni, biz bunday ayanchli manzaralarga tobora ko‘nikib borayotganimizda!
Turmush qurayotgan yigit-qizlarimiz mustaqil hayotga tayyormi? Oila yuki, mas'uliyatini xis qila olishyaptimi? Tobora oshib borayotgan ajrimlarning soni nega bizni bezovta qilmayapti?
Azizlar adashganlarga ergashmaylik!
Biz asrlar davomida aql-zakovati, yuksak ma'naviyati, insoniy qadriyatlari bilan boshqalarga ibrat va namuna bo‘lib kelgan xalqmiz. Afsuski, bugun to‘y-hasham, marosimlarimizda ham bema'ni orzu-havaslar, ota-bobolarimiz amal qilgan urf-odatlarga hurmatsizlik, ma'naviy mezonlardan yiroq, ortiqcha rasm-rusumlar, dabdababozlikka ko‘r-ko‘rona ergashish ko‘payib bormoqda.

















