Abdisobir Raimqulov O‘zR Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi, «Qadimgi davr arxeologiyasi» bo‘limi boshlig‘i hisoblanadi

— O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar olib borish salohiyati va yaratilayotgan sharoit, ekspeditsiyalar qilish qanday yo‘lga qo‘yilgan?

— O‘zbekistonda arxeologik tadqiqotlar olib borish salohiyati yuqori darajada desam xato bo‘lmaydi. O‘tgan asrning 70-80 yillaridan boshlab arxeologiya fanining turli yo‘nalishlari, ya'ni tosh davri arxeologiyasi, bronza va ilk temir davri arxeologiyasi, antik va o‘rta asrlar davri arxeologiyasi, arxeologik yodgorliklarni ta'mirlash va tiklash yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘plab maktablar shakllandi va bu maktablar salohiyati hozir ham juda yaxshi.

Arxeologik tadqiqotlarga yaratilayotgan sharoit masalasiga kelsak, bu hozir bizni og‘riqli nuqtamiz. Yaratilayotgan, yaratilishi lozim bo‘lgan sharoit bevosita mablag‘ masalasi bilan bog‘liq. Afsuski, arxeologik tadqiqotlarga nihoyatda kam mablag‘ ajratilmoqda va biz mana shu kam mablag‘ hisobidan ko‘proq natija olish uchun uni arxeologik qazishmalarga emas, balki arxeologik qidiruvlarga, ya'ni arxeologik yodgorliklarni hisobga olish, viloyatlar va tumanlar hududlari yodgorliklarini o‘zida jamlagan «Arxeologik yodgorliklar katalogi» kabi tadqiqotlarga yo‘naltirmoqdamiz.

Hozir institutimizda o‘ndan ortiq xalqaro qo‘shma ekspeditsiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda va arxeologik qazish ishlari esa aksariyat hollarda mana chet ellik hamkorlarimiz mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 792-sonli «Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mana shu qaror yurtimizda arxeologik tadqiqotlarni yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘ladi, deb umid bildiraman.

— Siz haqingizdagi ma'lumotlarni o‘qiganimda sizning arxeologik izlanishlaringiz asosan Qashqadaryo va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelar ekan. Ushbu hududlarda hali fanga ma'lum bo‘lmagan arxeologik obektlar mavjudmi?

— Mening asosiy ilmiy tadqiqotlarim Qashqadaryo vohasida joylashgan arxeologik yodgorliklar ustida olib borilgan. Xususan, nomzodlik dissertatsiyam Naxshabning ilk o‘rta asrlar davri qishloqlari madaniyati haqida edi. Naxshab – hozirgi Qarshi vohasining qadimiy nomi bo‘lgan. Qashqadaryoning yuqori qismida esa Kesh vohasi. Ushbu vohalar birlashib Janubiy Sug‘dni tashkil etadi.

Arxeologiya fanida Sug‘d — Sug‘diyona shartli ravishda bir necha vohalarga bo‘linadi. Samarqand viloyati hududi — Markaziy Sug‘d, Qashqadaryo vohasi — Janubiy Sug‘d, Buxoro vohasi esa G‘arbiy Sug‘d deb yuritiladi. Men Qarshi va Kesh vohalarining o‘ndan ortiq yodgorliklarida arxeologik qazishma ishlari olib borganman.